Oliy sud Plenumi yangi qarorlarni qabul qildi

Jamiyat

image

Bugun, 3 iyul kuni Oliy sud raisi Robaxon Mahmudova raisligida Oliy sud Plenumi majlisi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Oliy sud matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, majlisda Oliy Majlis palatalari a’zolari, sudyalar, Bosh prokuratura, Konstitutsiyaviy sud, Sudyalar oliy kengashi, Advokatlar palatasi, manfaatdor vazirlik va idoralar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamda huquqshunos olimlar ishtirok etgan.

 “Bugun amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida odil sudlov izchil raqamlashtirilmoqda, sud jarayonlari ochiq, shaffof va nazoratli bo‘lib bormoqda. Prezidentimiz qayta-qayta ta’kidlaganlaridek, odamlar sudga oxirgi umid sifatida keladi va sud ostonasiga qadam qo‘ygan har bir inson Yangi O‘zbekistonda adolat hukm surayotganiga ishonch hosil qilishi kerak. Bunday ishonchni qozonish uchun sud amaliyotini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish hamda qonuniy, adolatli va asoslantirilgan qaror qabul qilinishini ta’minlash talab etiladi. Shu sababli, Oliy sud Plenumi tomonidan beriladigan tushuntirishlar katta ahamiyatga ega”, deydi Oliy sud raisi.

Yig‘ilishda Oliy sud Plenumining “Sudlar tomonidan fuqaroni muomala layoqati cheklangan yoki muomalaga layoqatsiz deb topish bilan bog‘liq ishlarni ko‘rib chiqish amaliyoti to‘g‘risida”, “Fuqarolik, ma’muriy va iqtisodiy sudlar tomonidan da’voni ta’minlash (dastlabki himoya) choralarini ko‘rishning ayrim masalalari to‘g‘risida” hamda “O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudi Plenumining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qarorlari qabul qilingan.

Qayd etilishicha, qabul qilingan qarorlardagi tushuntirishlar kelgusida qonunchilik normalarini to‘g‘ri va bir xilda qo‘llashga xizmat qilib, odil sudlovni amalga oshirish, qonuniy va adolatli qarorlar qabul qilinishi bilan bir qatorda sudlar tomonidan qonun normalari bir xilda talqin qilinishi va yagona sud amaliyotini yaratishga qaratilganligi bilan ahamiyatli.

Eslatib o‘tamiz, ushbu Oliy sud Plenumi majlisi O‘zbekistonning sud tarixida birincha marta onlayn efirga uzatildi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing