Og‘ir kasallikni yenggan Selin Dion 6 yildan so‘ng jonli konsert berdi
Madaniyat-san’at
−
11:41 333 2 daqiqa
Selin Dion salomatligi bilan bog‘liq muammolar sababli uzoq tanaffus qilganidan so‘ng kecha, 12 sentyabr kuni Parijda 6 yildan ortiq vaqt ichidagi ilk jonli konsert dasturini namoyish etdi. Bu haqda “The Guardian” xabar berdi.
“Men va’da bergan edim. Sahnaga qaytishga va yana sahnada bo‘lishga va’da bergan edim. Mana, men sizlar uchun va o‘zim uchun qo‘shiq kuylayapman. Qo‘llab-quvvatlaganingiz va sabr qilganingiz uchun juda katta rahmat. Men sizlarning mehringiz tufayli kim bo‘lsam, shu insonman”, degan Dion.
Xonanda so‘nggi marta 2020 yilda Courage Tour gastrol safari doirasida to‘liq konsert dasturi bilan sahnaga chiqqan edi. Biroq 2022 yilda unga qattiq odam sindromi (SPS) deb ataluvchi kam uchraydigan nevrologik kasallik tashxisi qo‘yilganidan keyin rejalashtirilgan 2022 yilgi Shimoliy Amerika gastrollarini davom ettira olmagan.

Qayd etilishicha, Dion 2026 yil 12 sentyabridan 2027 yil 29 mayiga qadar Parijdagi Plenitude Arena'da konsertlar berishni rejalashtirgan.
Qattiq odam sindromi – kam uchraydigan avtoimmun nevrologik kasallik bo‘lib, ko‘pincha mushaklarning qotishi va og‘riqli spazmlarga olib keladi. Ularning darajasi turlicha bo‘lishi mumkin. Kasallik organizmning sog‘lom nerv hujayralariga xato ravishda hujum qilishi natijasida yuzaga keladi. Hozircha ushbu kasallikning ma’lum davosi mavjud emas.
Tashxis qo‘yilganidan keyin Dion ommadan uzoqlashdi va shundan beri faqat uch marta qisqa chiqish qildi. U 2020 yilda COVID-19 pandemiyasi davrida tibbiyot xodimlariga bag‘ishlangan xayriya tadbirida virtual chiqish qilgan.
2024 yilda Parijdagi yozgi Olimpiada ochilish marosimida Edit Piafning “Hymne à l’amour” qo‘shig‘ini ijro etgan. Shu yilning oxirida esa Saudiya Arabistonining Ar-Riyod shahrida dizayner Eli Saabning moda namoyishi yakunida sahnaga chiqqan.
Parijdagi konsert Dionning arenada o‘tkazishi rejalashtirilgan 26 ta konsertidan birinchisi bo‘ldi. Dastlab xonanda 10 ta konsert berishini rejalashtirgan edi, biroq chiptalarga bo‘lgan yuqori talab sababli ularning soni 26 taga oshirilgan.

Chiqishdan so‘ng Dion 30 mart kuni, tug‘ilgan kunida sahnaga qaytishini e’lon qilgan. Konsertlar uchun taxminan 1 million 170 mingta chipta bir necha soat ichida sotilib ketgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, ularni xarid qilish uchun 9 milliondan ortiq muxlis harakat qilgan.
Dion konsertlarda o‘zining eng mashhur qo‘shiqlarini ijro etishi kutilmoqda. Ular orasida “My Heart Will Go On”, “It’s All Coming Back to Me Now”, “The Power of Love” va uning ona tili – fransuz tilidagi “Pour que tu m’aimes encore” qo‘shig‘i bor.
Live
Barchasi