NASA muhandisi bepul kosmik selfi xizmatini ishga tushirdi

Texnologiya

image

AQSH Milliy aeronavtika va kosmik tadqiqotlar boshqarmasining (NASA) sobiq muhandisi Mark Rober kosmosdan selfi olish imkonini beruvchi yangi xizmatni ishga tushirdi. Ushbu loyiha mutlaqo bepul bo‘lib, istalgan foydalanuvchi undan foydalanishi mumkin. Bu haqda Rober asos solgan kompaniya saytida ma’lumot berildi.

Kosmik selfilar “Sat Gus” nomli sun’iy yo‘ldosh orqali yasaladi. Ushbu yo‘ldosh 2025 yil 14 yanvarda Kaliforniyadagi Vandenberg kosmodromidan SpaceX kompaniyasining Falcon 9 raketasi yordamida orbitaga chiqarilgan. U taxminan 600 km balandlikdagi quyi orbitada Yer atrofida aylanmoqda.

Yo‘ldosh nomidagi “Sat” so‘zi satellite (sun’iy yo‘ldosh) atamasidan olingan, “Gus” esa Mark Rober asos solgan CrunchLabs laboratoriyasi ramziga aylangan olmaxonning ismi. Shu sababli yo‘ldosh aynan “Sat Gus” deb nomlangan.

Xizmatning ishlash prinsipi juda sodda: foydalanuvchi o‘z suratini maxsus saytga yuklaydi, u surat sun’iy yo‘ldoshdagi ekran orqali namoyon bo‘ladi. So‘ngra sun’iy yo‘ldosh kamerasi ushbu ekranni Yer fonida suratga oladi. Roberning so‘zlariga ko‘ra, bu usul selfining chinakam “kosmik” ekanini tasdiqlovchi haqiqiy va texnik jihatdan aniq yechimdir – rasmda ham ekran, ham Yer sharining tasviri mavjud bo‘ladi.

Tasvirni Redwire Space kompaniyasiga tegishli Argus kamerasi oladi. Kamera 3 mm o‘lchamdagi ob’ektiv, nurlanishdan himoyalangan optika va 4000×3000 piksel aniqlikka ega. Yorug‘lik muammolarining oldini olish uchun kamera ikkita kadr suratga oladi: biri Yerni yoritishga mo‘ljallangan, ikkinchisi esa ekran uchun. So‘ng bu ikki rasm HDR-formatda birlashtiriladi.

Xizmatdan 13 yoshdan katta bo‘lgan har bir inson foydalanishi mumkin. Barcha suratlar oldindan moderatsiyadan o‘tadi.

Quyidagilar taqiqlanadi:

  • begona insonlarning fotosuratlari;
  • mashhurlar suratlari;
  • yalang‘och, siyosiy, haqoratomuz yoki bahsli kontentlar;
  • sun’iy intellekt yordamida yaratilgan tasvirlar.

Foydalanuvchilar o‘z selfilari, guruh suratlari yoki hatto uy hayvonlarining rasmlarini ham yuborishlari mumkin.

Loyihaga yuklangan birinchi suratlar yoz o‘rtalarida Yerga qaytadi. Tayyor kosmik selfini faqat maxsus yopiq havola orqali ko‘rish mumkin bo‘ladi va u havola qidiruv tizimlarida indekslanmaydi. Sun’iy yo‘ldosh harakatini esa Satellite Tracker 3D kabi onlayn xizmatlar orqali real vaqt rejimida kuzatish mumkin.


Maqola muallifi

Teglar

NASA AQSh Milliy aeronavtika va kosmik tadqiqotlar boshqarmasi kosmik selfi Mark Rober

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing