Namangandagi 44 ming kambag‘al oila kasbga yo‘naltiriladi
Jamiyat
−
07 iyul 2355 2 daqiqa
Bugungi kunda Namangan viloyatida 55 ming ishsiz aholi, 44 ming kambag‘al oila bor. Ularni kasbga yo‘naltirib, ish topishiga ko‘maklashish, o‘z uyida daromad manbai yaratish vazifasi qo‘yildi. Bu haqda bugun, 7 iyul kuni Prezident Shavkat Mirziyoyevning Namangan viloyatidagi islohotlar natijadorligi, hududlardagi ishlarning borishi va loyihalar ijrosi yuzasidan hisobot bilan tanishishi chog‘ida ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, davlat rahbarining 2024 yil 2 dekabrdagi qarori bilan Namangan viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish hamda investitsiya va tadbirkorlik muhitini yanada yaxshilash chora-tadbirlari belgilanib, katta marra olingan. Jumladan, bu yil 4,2 milliard dollar investitsiya jalb etish, 1 milliard dollar eksport qilish, 323 ming ish o‘rni yaratish, 55 ming oilani kambag‘allikdan chiqarish rejalashtirilgan.
Bunda eng katta zamin – kichik biznes va tadbirkorlik. Namanganda mehnatga layoqatli aholini 82 foizi shu sohada ro‘zg‘or tebratayapti.
Yil boshidan beri viloyatga qariyb 1 milliard 600 million dollar investitsiya kiritilgan. Lekin buning katta qismi Namangan shahri va markaziy tumanlarga to‘g‘ri kelib, Mingbuloq, Norin, Uychi va Chortoqda ham sarmoyalarni ko‘paytirish kerak. Eksportda ham mahsulotlar turini kengaytirish va chekka tumanlar salohiyatini oshirish zarur.
Viloyatda qishloq xo‘jaligida ham mo‘l hosil yetishtirilmoqda. Birgina Yangiqo‘rg‘onda gektaridan daromad 20 ming dollardan yuqori.
Shu kabi imkoniyatlarni to‘liq ishga solish uchun Prezident tashabbusi bilan hududlar ma’muriy va iqtisodiy jihatdan isloh qilinmoqda. Namangan viloyatida ham mutaxassislar, ilg‘or tadbirkorlar va xorijiy ekspertlardan iborat “Islohotlar shtabi” ish boshlagan. Ular birgalikda izlangani uchun yana 1 milliard dollarlik loyihalar shakllangan.
Yig‘ilishda mutasaddilar ana shu yangi imkoniyatlarni taqdimot qilgan. Qayd etilishicha, ularning natijasida jami 12 ming ish o‘rni, byudjetga qo‘shimcha 200 milliard so‘m tushum, 160 million dollar eksport manbai paydo bo‘ladi.
“Masalan, Norin tumanida aholi xonadonlarida intensiv usulda baliq yetishtirish, Mingbuloqda o‘rdakchilikni rivojlantirish ko‘zda tutilmoqda. Ular oziq-ovqat mahsulotlari mo‘lligini ta’minlashi va ko‘plab ish o‘rinlari yaratishi bilan ahamiyatli. Davlat rahbari bu tajribani boshqa hududlarda ham tatbiq etish zarurligini ta’kidladi”, deyiladi xabarda.
Bugungi kunda viloyatda 55 ming ishsiz aholi, 44 ming kambag‘al oila bor. Ularni kasbga yo‘naltirib, ish topishiga ko‘maklashish, o‘z uyida daromad manbai yaratish vazifasi qo‘yildi. Ijtimoiy muhitni mustahkamlash, mahallalarni jinoyatchilikdan xoli hududga aylantirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Live
Barchasi