Moskva urushning o‘z bahosi borligini tushunishi kerak – Zelenskiy
Olam
−
05 iyun 2025 4814 4 daqiqa
Moskva urushning o‘z narxi borligini tushunishi kerak. Bu haqda Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiya yetakchisi Vladimir Putinning Oq uy rahbari Donald Tramp bilan suhbatidagi “javob” haqidagi so‘zlariga izoh berayotganida aytib o‘tdi.
“Afsuski, Putin o‘zini jazosiz his qilmoqda va hatto Rossiyaning barcha dahshatli zarbalaridan keyin ham u yana bir nechta javoblarni tayyorlamoqda”, dedi Zelenskiy.
Uning ta’kidlashicha, ko‘pchilik Rossiya bilan turli darajalarda gaplashgan, biroq “hech qanday suhbat nafaqat ishonchli tinchlikka, balki urushni tugatishga olib kelmagan”.
“Bu shuni anglatadiki, har bir yangi zarba, diplomatiyadagi har bir yangi kechikish bilan Rossiya butun dunyoga o‘rta barmoqni ko‘rsatadi. Rossiyaga bosimni kuchaytirishni istamaydigan har bir kishiga. Garchi Rossiya tinchlikka intilishi kerak. Aynan ular Moskvada urushning o‘z bahosi borligini his qilishlari kerak – katta narx va tajovuzkor uchun eng yuqori narx. Agar dunyo Putinning tahdidlariga sust munosabatda bo‘lsa, bu uning harakatlariga dunyoning ko‘z yumishga tayyorligi sifatida qabul qiladi.”, deb yozdi Prezident X ijtimoiy tarmog‘ida.
Uning so‘zlariga ko‘ra, “agar kuchlilar Putinni to‘xtatmasa, bu ular bilan mas’uliyatni baham ko‘rishini anglatadi”.
“Va agar ular xohlasa-yu, lekin uni to‘xtata olmasalar, Putin ularni endi kuchli deb hisoblamaydi”, deya ta’kidlaydi Ukraina rahbari.
Temiryo‘llar qulashi
Joriy yilning 31 may kuni Bryansk viloyatida joylashgan “Pilsino-Vigonichi” yo‘nalishidagi bir yo‘lakli temiryo‘l bo‘lagida avtomobil ko‘prigining ustki qismi qulab tushgandi. Oqibatda ”Klimovo–Moskva” yo‘nalishida harakatlanayotgan 86-sonli yo‘lovchi poyezdining lokomotivi va vagonlari relsdan chiqib ketgan. Qolaversa, yetti kishi halok bo‘lgan va 70 dan ortiq odam jarohat olgan.
Boshqa holatda esa Kursk viloyatida temiryo‘l ko‘prigi poyezd bilan birgalikda qulab tushgan. Jurnalist Aleksandr Xinshteynning xabar berishicha, Trostna-Kalinovka yo‘lining 48-kilometrida ko‘prik ustidan poyezd o‘tib ketayotgan vaqtida u qulab tushgan. Hodisa oqibatida 1 kishi jarohatlangan. Poyezdning bir qismi ko‘prik ostidagi avtomobil yo‘liga ag‘darilgan. Poyezd lokomotivida yong‘in boshlangan, lekin Favqulodda vaziyatlar xizmati xodimlari uni tezda o‘chirgan. Qolgan vagonlar temiryo‘l platformasida qolgan.
Yuqoridagi 2 holat Rossiya tergovchilari tomonidan terrorchilik harakati deb baholandi. Rossiya Prezidenti Vladimir Putin ham javobgarlikni Ukraina rahbariyatiga yukladi. Putin temiryo‘llar portlashiga aloqador ravishda Ukraina bilan o‘t ochishni to‘xtatish yoki Kiyev bilan sammit o‘tkazish zarurligi borasida shubhalarini bildirgan.
“Bugun, katta yo‘qotishlar fonida va butun front chizig‘i bo‘ylab chekinib, Rossiyani qo‘rqitishga urinar ekan, Kiyev rahbariyati terrorchilik aktlarini uyushtirishga o‘tdi. Bunday sharoitda qanday qilib yuqori darajadagi uchrashuvlar o‘tkazilishi mumkin? Nima haqida gaplashiladi? Kim terrorga tayanganlar bilan muzokara olib boradi? Terrorchilar bilanmi?” degan Rossiya rahbari.
Ukrainaning “O‘rgimchak to‘ri”
Ukraina 1 iyun kuni Rossiya harbiy aerodromlariga uchuvchisiz dronlar yordamida amalga oshirilgan yirik hujum – “O‘rgimchak to‘ri” operatsiyasini o‘tkazdi. Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy murojaatida operatsiyasida ishtirok etganlarga minnatdorlik bildirdi. Ukraina xavfsizlik xizmati (UXX) “O‘rgimchak to‘ri” operatsiyasi davomida Rossiya strategik aviatsiya samolyotlarining 34 foizi zarar ko‘rganini ma’lum qildi. Kiyevning hisob-kitoblariga ko‘ra, zarar ko‘rgan samolyotning taxminiy umumiy qiymati 7 milliard dollarni tashkil qiladi. Manbalar Rossiyaning 41 ta samolyotiga, jumladan, strategik A-50, Tu-95 va Tu-22M3 samolyotlariga zarar yetkazilgani haqida xabar bergan. Kiyevga ko‘ra, ulardan muntazam ravishda Ukraina shaharlariga hujum qilish uchun foydalanilgan. Operatsiya bir yarim yil davomida tayyorlangan.
Istanbul muzokaralaridagi otashkesim taklifi
2 iyun kuni Istanbulda bo‘lib o‘tgan muzokaralarda Moskva tomoni Kiyevga “jasadlarni olib ketish uchun” 2-3 kunlik sulh tuzishni taklif qildi. Vladimir Zelenskiy buni keskin rad etib, tashabbus mualliflarini “ahmoqlar” deb atadi. Ukraina Prezidenti “talafotlar bo‘lmasligi uchun” uzoq muddatli o‘t ochishni to‘xtatish tarafdori. Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov esa buni “noqulay” va “muzokaralar ruhiga to‘g‘ri kelmaydigan” “omadsiz” bayonot deb atadi.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 4 iyun kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qildi va unda Ukraina tomonidan Rossiyadagi aerodromlarga uyushtirilgan hujumlarni muhokama qildi. Trampning yozishicha, 1 soat 15 daqiqa davom etgan suhbat davomida Vladimir Putin unga “yaqinda aerodromlarga qilingan hujumga javob berishga to‘g‘ri kelishini” bildirgan.