“Tolibon” inklyuziv hukumat shakllantirishda oldinga siljimayapti – Moskva formati

Olam

image

Kecha, 29 sentyabr kuni Rossiyaning Qozon shahrida Afg‘oniston bo‘yicha Moskva formatidagi 5-yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda qatnashgan davlatlar “Tolibon” rejimini afg‘onistonliklarning turmush darajasini oshirish choralarini ko‘rishga chaqirdi. Tegishli deklaratsiya matni Rossiya TIV saytida e’lon qilindi.

Yig‘ilishda Hindiston, Eron, Qozog‘iston, Xitoy, Qirg‘iziston, Pokiston, Rossiya, Turkmaniston va O‘zbekistondan maxsus vakillar va yuqori martabali amaldorlar, shuningdek, “Tolibon” tashqi ishlar vaziri qatnashdi. Qatar, Birlashgan Arab Amirliklari, Saudiya Arabistoni va Turkiya vakillari faxriy mehmon sifatida taklif qilindi.

“Tomonlar Afg‘onistonni mustaqil, birlashgan va tinch davlat sifatida ko‘rishni xohlaydi. Ular uchinchi davlatlarning harbiy infratuzilma ob’ektlarini Afg‘oniston va qo‘shni davlatlarda har qanday bahona bilan joylashtirishga qarshi”, deyiladi deklaratsiyada.

Shuningdek, yig‘ilish ishtirokchilari Afg‘onistonda terrorchilik guruhlari, birinchi navbatda, ISHID faollashgani sababli xavfsizlik bilan bog‘liq murakkab vaziyatdan xavotirda.

“Afg‘onistonda ko‘knori yetishtirish kamaygani haqidagi xabarlar hozirgi afg‘on hukumatining muvaffaqiyatli qadamlaridandir. Giyohvandlikka qarshi real va samarali siyosatni amalga oshirish, ayniqsa, narkotik moddalarni yetishtirishga qarshi kurashda davom etish muhimligi ta’kidlandi”, deyiladi hujjatda.

Bundan tashqari, tomonlar "Tolibon"ni terrorizm tahdidlari va Afg‘oniston hududidan kelayotgan narkotik moddalar savdosiga qarshi kurashda mintaqa davlatlari bilan hamkorlikka chaqirgan. 

Moskva formatida Afg‘onistondagi barcha etnik-siyosiy guruhlar manfaatlarini aks ettiruvchi chinakam inklyuziv hukumat shakllantirilishi bo‘yicha ishlar oldinga siljimayotganligi aytilgan. 

“Qobul ma’muriyatiga turli afg‘on millatlarining alohida vakillari tayinlanganiga qaramay, tomonlar unda siyosiy plyuralizm ko‘rinmasligini bildirdilar. Muvaqqat hukumat muqobil etnosiyosiy guruhlar vakillari tinchlik jarayonini yakunlash va mamlakatda muvozanatli, keng qamrovli, inklyuziv va mas’uliyatli hukumatni o‘rnatish uchun yana bir bor amaliy, natijaga yo‘naltirilgan muloqot o‘rnatishga da’vat etildi”, deyiladi deklaratsiyada.

Yig‘ilish ishtirokchilari “Tolibon” muvaqqat hukumati afg‘on xalqining turmush darajasini yaxshilashi, keyingi migratsiyaga yo‘l qo‘ymaslik va qochqinlarning qaytishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishi kerakligini bildirgan.

Ishtirokchilar, shuningdek, Afg‘onistondagi insonlarning asosiy huquq va erkinliklarini, jumladan, jinsi, millati va dinidan qat’i nazar, mehnat qilish, ta’lim olish va boshqa huquqlarini tiklashga chaqirgan. 

“Biz ayollarning mehnati va qizlarning ta’lim olishi taqiqlanganidan xavotirdamiz. Afg‘onistonning amaldagi rasmiylariga maktablarda xalqaro standartlarga muvofiq zamonaviy ta’limni rivojlantirishni tavsiya etamiz”, deyiladi hujjatda.

Moskva formatida ishtirok etayotgan davlatlarning aksariyati BMT Bosh kotibining 2023 yil may oyida Dohada bo‘lib o‘tgan maxsus vakillar uchrashuvi chog‘ida xalqaro va mintaqaviy sheriklarning afg‘on yo‘nalishidagi harakatlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha sa’y-harakatlarini qayd etgan, shuningdek, 20 yillik faoliyati Afg‘onistondagi hozirgi inqirozga olib kelgan AQSH boshchiligidagi G‘arb koalitsiyasi ushbu mamlakatni mojarodan keyingi tiklanish uchun o‘z mas’uliyatini zimmasiga olishi hamda afg‘on xoldinglarini darhol blokdan chiqarishi va bir tomonlama sanksiyalarni bekor qilish sharti bilan mintaqadan tashqari o‘yinchilar bilan hamkorlik qilish mumkin, degan xulosaga kelgan.

“Afg‘oniston ishtirokidagi mintaqaviy iqtisodiy loyihalarni rivojlantirish istiqbollarini ijobiy baholab, biz ikki va ko‘p tomonlama iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash zarurligini ta’kidladik”, deyiladi deklaratsiyada.

Qo‘shimcha qilinishicha, Moskva formati ishtirokchilari Eronning umumiy manfaatlarga ega bo‘lgan masalalarni muhokama qilish bo‘yicha mintaqaviy aloqa guruhini yaratish taklifini olqishlagan.

Biroq, Moskva formatida qatnashgan Tojikiston deklaratsiyaning bir qancha bandlarini ma’qullamagan. 

“Qozon deklaratsiyasi Tojikistondan tashqari deyarli hamma tomonidan ma’qullandi. Tojikistonliklarning ushbu deklaratsiyaning ayrim bandlariga e’tirozi bor”, degan Rossiya Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili, Tashqi ishlar vazirligining Osiyo bo‘yicha ikkinchi departamenti direktori Zamir Kabulov.

Biroq u Tojikiston tomoni qaysi bandlarga qarshi chiqqanini ochiqlamagan.

Ma’lumot uchun, Afg‘oniston mojarosini hal qilish bo‘yicha “Moskva formati”ning birinchi uchrashuvi 2017 yilning aprel oyida bo‘lib o‘tgan edi. Tadbirda Rossiya Federatsiyasi va Afg‘oniston vakillaridan tashqari yana to‘qqiz davlat Tashqi ishlar vazirlarining o‘rinbosarlari va maxsus vakillari ishtirok etgan. “Moskva formati”ning asosiy maqsadi Afg‘onistonda milliy yarashuv va tinchlik jarayoniga ko‘maklashishdir.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Rossiyaning “Tolibon”ni tan olish shartlari haqida xabar bergandik.


Maqola muallifi

Teglar

Afg'oniston Tolibon Moskva formati

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing