Mirziyoyev OTB vitse-prezidentini qabul qildi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 17 sentyabr kuni Namangan shahrida o‘tayotgan “Kambag‘allikdan farovonlik sari” xalqaro forumi doirasida Osiyo taraqqiyot banki vitse-prezidenti Inmin Yangni qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Uchrashuv avvalida vitse-prezident Inmin Yang davlat rahbariga OTB rahbari Masato Kandaning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi hamda forum muvaffaqiyatli o‘tkazilgani bilan tabrikladi.

Suhbat davomida O‘zbekistonda islohotlar strategiyasini amalga oshirish doirasida ushbu yetakchi xalqaro moliyaviy institut bilan hamkorlikni chuqurlashtirishning amaliy jihatlari ko‘rib chiqildi.

Keyingi yillarda hamkorlikda yuksak darajaga erishilgani alohida mamnuniyat bilan qayd etildi. Bugungi kunda “yashil” energetika, transport, raqamli transformatsiya, ta’lim va boshqa yo‘nalishlardagi loyihalar portfeli 14 milliard dollarni tashkil etmoqda.

O‘zbekiston yetakchisi OTB bilan infratuzilma, davlat-xususiy sheriklik, biznes, ijtimoiy soha va kapital bozorini rivojlantirish bo‘yicha yangi loyihalarni o‘z ichiga olgan keng ko‘lamli strategik sheriklik dasturini tayyorlash muhimligini qayd etdi.

Kambag‘allikka qarshi kurashish, muhim minerallarni qayta ishlash, byudjetni qo‘llab-quvvatlash, qo‘shma investitsiya platformasini yaratish bo‘yicha loyihalarni ilgari surishga alohida e’tibor qaratildi.

Shuningdek, bank Boshqaruvchilar kengashining yillik yig‘ilishiga tayyorgarlik ko‘rish va uni kelgusi yilda O‘zbekistonda o‘tkazish chora-tadbirlari muhokama qilindi.

Eslatib o‘tamiz,  Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun, 17 sentyabr kuni Namangan shahrida 30 dan ortiq nufuzli tashkilot va 200 ga yaqin xalqaro ekspertlar ishtirokidagi “Kambag‘allikdan farovonlik sari” xalqaro forumining ochilishida nutq so‘zlagandi. Shundan so‘ng Prezidentning  Islom taraqqiyot banki prezidenti Muhammad bin Sulaymon al-Jassir va Jahon bankining global direktori Luis Felipe Lopes-Кalьvaни qabul qilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Namangan Osiyo taraqqiyot banki Inmin Yang

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing