Mirziyoyev dunyoda kambag‘allar soni oshayotganini aytdi
Jamiyat
−
17 Sentabr 4837 2 daqiqa
Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun, 17 sentyabr kuni Namangan shahrida 30 dan ortiq nufuzli tashkilot va 200 ga yaqin xalqaro ekspertlar ishtirokidagi “Kambag‘allikdan farovonlik sari” xalqaro forumining ochilishida nutq so‘zlamoqda. Bu haqda Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov ma’lum qildi.
Davlat rahbari mamlakatda kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha uchinchi bor o‘tkazilayotgan xalqaro anjuman ishtirokchilarini samimiy qutladi. Tadbirda ishtirok etayotgan Islom taraqqiyot banki prezidenti Muhammad Al-Jassir, Osiyo taraqqiyot banki vitse-prezidenti Inmin Yang, Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi bosh vitse-prezidenti Sachiko Imoto, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Kaxa Imnadze, Jahon bankining kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha global direktori Luis Felipe Lopez-Kalva va barcha mehmonlarga minnatdorlik bildirdi.
Prezident Mirziyoyev insoniyat oqibatini oldindan aytib bo‘lmaydigan o‘ta keskin va murakkab davrni boshidan kechirayotganini qayd etdi. Dunyoda geosiyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy beqarorlik tobora ortib bormoqda. Yer yuzida kuzatilayotgan iqlim o‘zgarishlari, suv tanqisligi va pandemiyalar tufayli og‘ir va mashaqqatli sinovlar paydo bo‘lmoqda.
2015 yildan buyon global iqtisodiy o‘sish sur’ati o‘rtacha 3 foizni tashkil etib, oldingi o‘n yillikka nisbatan sekinlashdi. Oqibatda, agar besh yil oldin dunyoda 650 million aholi kambag‘allikda yashagan bo‘lsa, bugun ularning soni 800 milliondan oshdi.
“Bu holat barcha davlatlar, xalqaro tashkilotlar, umuman, dunyo hamjamiyati oldiga yangi va dolzarb vazifalarni qo‘yib, ularga yechim topish bo‘yicha tezkor qarorlar qabul qilishni taqozo etmoqda”, dedi Prezident.
Shuningdek, so‘nggi sakkiz yilda O‘zbekistonda inson haq-huquqini himoya qilish, munosib ish joyi bilan ta’minlash, daromadini oshirish, turmush sharoitini yaxshilashga qaratilgan ulkan ishlarni amalga oshirilgani ta’kidlandi. Barcha sa’y-harakatlar har bir inson, ayniqsa, yoshlar va xotin-qizlar o‘z salohiyatini to‘liq namoyon etishi uchun sharoit yaratish va imkoniyatlarini kengaytirishga qaratildi.
Eng murakkab davrda kambag‘allikka qarshi kurash davlat siyosati darajasiga olib chiqilib, umummilliy harakatga aylantirildi. Davlat rahbari o‘sha paytda O‘zbekistonda kambag‘allik darajasini baholash bo‘yicha aniq mezon va metodologiya yo‘q bo‘lganini qayd etdi. Jahon banki va BMT institutlari bilan hamkorlikda xalqaro tajriba asosida kambag‘allikning milliy mezonlari ishlab chiqildi.
Yangilangan Konstitutsiyada pensiyalar, nafaqalar va ijtimoiy yordam miqdori eng kam iste’mol xarajatlaridan oz bo‘lmasligi qat’iy belgilab qo‘yildi. Izchil islohotlar tufayli 7,5 million aholi kambag‘allikdan chiqarilib, kambag‘allik darajasi 2024 yilda 8,9 foizga tushirildi. Yil yakunigacha uni 6 foizgacha kamaytirish maqsad qilingan.
Live
Barchasi