Mirziyoyev Namanganda Islom taraqqiyot banki prezidenti bilan uchrashdi

Jamiyat

image

Bugun, 17 sentyabr kuni Namangan shahrida o‘tayotgan “Kambag‘allikdan farovonlik sari” xalqaro forumi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Islom taraqqiyot banki prezidenti Muhammad bin Sulaymon al-Jassir bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Uchrashuv avvalida ushbu nufuzli xalqaro moliyaviy tashkilot rahbari forum muvaffaqiyatli o‘tkazilgani bilan samimiy tabriklab, ITB O‘zbekistonda kambag‘allikni yanada qisqartirish borasidagi vazifalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanini ta’kidladi.

Keyingi yillarda ITB bilan sheriklik jadal rivojlanib borayotgani alohida mamnuniyat bilan qayd etilgan. Qo‘shma loyihalar portfeli 5 milliard dollardan oshib, bugungi kunda transport, infratuzilma, uy-joy qurilishi, energetika, sog‘liqni saqlash, ta’lim kabi ustuvor sohalarni qamrab olgan. Shu bilan birga, investitsiyalarning 40 foizdan ortig‘i xususiy sektorga to‘g‘ri keladi.

Davlat rahbari ITB bilan loyihalar portfelini ikki barobar ko‘paytirish, infratuzilma, ijtimoiy soha va xususiy sektor loyihalarini moliyalashtirish hajmini oshirishni nazarda tutadigan uzoq muddatli Strategik sheriklik dasturini qabul qilish tashabbusini ilgari surdi.

Xususiy biznes salohiyatini ro‘yobga chiqarish, mamlakat hududlarida zamonaviy tibbiyot markazlarini barpo etish, avtomobil yo‘llarini modernizatsiya qilish, irrigatsiya kanallarini tiklash va betonlash hamda boshqa yo‘nalishlarda aniq loyihalarni ilgari surishga alohida e’tibor qaratildi.

Eslatib o‘tamiz, Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun, 17 sentyabr kuni Namangan shahrida 30 dan ortiq nufuzli tashkilot va 200 ga yaqin xalqaro ekspertlar ishtirokidagi “Kambag‘allikdan farovonlik sari” xalqaro forumining ochilishida nutq so‘zlagandi. 


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Namangan Islom taraqqiyot banki Muhammad bin Sulaymon al-Jassir

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing