Mirziyoyev Jahon banki global direktorini qabul qildi

Jamiyat

image

Bugun, 17 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Namangan shahrida Jahon bankining global direktori Luis Felipe Lopes-Kalvani qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Muzokaralar avvalida yuqori martabali mehmon Shavkat Mirziyoyevga Jahon banki guruhi prezidenti Ajay Banganing salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi hamda “Kambag‘allikdan farovonlik sari” xalqaro forumi muvaffaqiyatli tashkil etilgani bilan tabrikladi.

Qayd etilishicha, muloqot davomida Jahon banki bilan strategik sheriklikni, eng avvalo, Barqaror rivojlanishning birinchi maqsadi bo‘lmish kambag‘allikka qarshi kurashish sohasida yanada kengaytirish masalalari ko‘rib chiqilgan.

Shuningdek, ushbu global moliyaviy institut bilan amaliy hamkorlikda yuksak darajaga erishilgani katta mamnuniyat bilan qayd etilgan. Bildirilishicha, mamlakat dasturi muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. O‘zbekiston bankning makromintaqadagi yetakchi hamkorlaridan biridir. Loyihalar portfeli 14 milliard dollardan oshdi.

Jahon bankining faol ko‘magida kambag‘allik darajasini aniqlash metodologiyasi ishlab chiqilgan. Ayni paytda O‘zbekistonda kambag‘allik va tenglik ko‘rsatkichlari birgalikda diagnostika qilinmoqda.

Shu bilan birga, “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturini amalga oshirish doirasida xotin-qizlar va yoshlar uchun ish o‘rinlari yaratish, shahar va qishloqlarning ijtimoiy infratuzilmasini modernizatsiya qilish, turizmni rivojlantirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlarni o‘z ichiga olgan qo‘shma loyiha tayyorlash taklif qilingan.

Xususiy sektor loyihalarini ilgari surish, o‘rta muddatli rivojlanish dasturlarini ishlab chiqish, aholini ro‘yxatga olish va boshqa ustuvor yo‘nalishlarga ham alohida e’tibor qaratilgan.

Eslatib o‘tamiz,  Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun, 17 sentyabr kuni Namangan shahrida 30 dan ortiq nufuzli tashkilot va 200 ga yaqin xalqaro ekspertlar ishtirokidagi “Kambag‘allikdan farovonlik sari” xalqaro forumining ochilishida nutq so‘zlagandi. Shundan so‘ng Prezidentning  Islom taraqqiyot banki prezidenti Muhammad bin Sulaymon al-Jassir bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Bunyod Keldiboyev


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Jahon banki Mirziyov global direktori Luis Felipe Lopes-Kal'vani

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing