Meksikada jurnalist o‘g‘irlanib, yoqib yuborildi (video)

Olam

image

Jurnalistlar uchun dunyodagi eng xavfli davlatlardan biri hisoblangan Meksikaning sharqidagi Verakrus shtatida o‘g‘irlab ketilgan jurnalist Roksana Gusmanning qoldiqlari topildi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.

Qayd etilishicha, bu qotillik Meksikada matbuot erkinligi bilan bog‘liq vaziyatga yana bir bor jiddiy e’tibor qaratgan. Joriy yilning 2 iyun kuni qurollangan va niqobli shaxslar tomonidan jinoyatlar haqida xabar beruvchi “Pulso Informativo del Sureste” nashri rahbari bo‘lgan Gusmanning uyiga bostirib kirib, o‘g‘irlab ketilgan.

Mahalliy OAV ma’lumotlariga ko‘ra, jinoyatchilar jurnalistni o‘ldirgach, uning jasadini yonilg‘i to‘ldirilgan bochkalarda yoqib yuborishga uringan. Keyinchalik huquqni muhofaza qiluvchi organlar hovlidan suyak qoldiqlarini topgan.

“Sud-tibbiy ekspertizasi yakunlandi va tekshiruv davomida topilgan qoldiqlar jurnalistga tegishli ekani ilmiy jihatdan tasdiqlandi”, deyilgan Verakrus shtati prokuraturasi bayonotida.

Huquq-tartibot idoralarining ma’lum qilishicha, jurnalistning o‘g‘irlanishi va o‘ldirilishi yuzasidan sakkiz kishi hibsga olingan. Ular orasida Ishuatlan-del-Sureste munitsipalitetining to‘rt nafar politsiya xodimi ham bor.

Prokuratura ma’lumotiga ko‘ra, politsiyachilar jinoiy guruhga resurs, oziq-ovqat va logistik yordam ko‘rsatganlikda gumon qilinmoqda.

“Article 19” huquqni himoya qilish tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilda kasbiy faoliyati bilan bog‘liq holda yana ikki nafar jurnalist o‘ldirilgan. Tashkilot hisob-kitobiga ko‘ra, Klaudiya Sheynbaum 2024 yil oktyabrida prezidentlik lavozimiga kirishganidan beri mamlakatda 10 nafar jurnalist halok bo‘lgan. Bu esa Meksikaning jurnalistlar uchun eng xavfli davlatlardan biri sifatidagi obro‘sini yana bir bor tasdiqlamoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Saudiya Arabistonining “Al Arabiya” telekanalining Yamanda faoliyat yuritgan muxbiri Muhammad Ayda avtomobilga o‘rnatilgan bomba portlashi oqibatida halok bo‘lgani xabar qilingandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing