Marokashda Qurbon hayitida qurbonlik qilish taqiqlandi
Olam
−
02 iyun 12299 2 daqiqa
Marokash Qiroli Muhammad VI fuqarolardan joriy yilda Qurbon hayiti paytida qurbonlik marosimini vaqtincha to‘xtatishni talab qildi. Bu haqda “Yeni Safak” xabar berdi.
Qayd etilishicha, ushbu qarorga mamlakatda davom etayotgan kuchli qurg‘oqchilik hamda uning chorvachilik va iqtisodiyotga ta’siri sabab bo‘lgan. Qarorni mamlakatning Diniy ishlar vaziri Ahmad Tavfiq davlat telekanalida o‘qib eshittirgan.
“Biz ushbu diniy amaliyotni eng yaxshi tarzda amalga oshirishga intildik. Biroq mamlakat duch kelayotgan iqlimiy va iqtisodiy muammolarni, ayniqsa chorva sonining keskin kamayishini inobatga olish lozim”, degan vazir o‘z so‘zida.
U, shuningdek, qurbonlik qilishni majburiy deb bilmaslik va bu ko‘plab kam ta’minlangan oilalarga katta zarar bo‘lishi mumkinligini ta’kidlagan.
“Qurbonlik – tasdiqlangan sunnat bo‘lib, ya’ni bajarilishi afzal, ammo majburiy emas. Mavjud og‘ir sharoitlarda ushbu amaliyotni bajarish, ayniqsa kam ta’minlangan qatlamlar uchun jiddiy zarar yetkazishi mumkin”, deya qo‘shimcha qilgan Tavfiq.
Ma’lumot uchun, Marokashda bu holat ilk bor yuz bermayapti. Avvalroq, qirol Hasan II ham 1963, 1981 va 1996 yillarda xuddi shunday qarorlarni qabul qilgan, bunga o‘sha paytlardagi qurg‘oqchilik va iqtisodiy inqirozlar sabab bo‘lgan.
Ayni vaqtda Marokash ketma-ket yetti yil qurg‘oqchilikni boshdan kechirmoqda, bu esa chorva soni va go‘sht narxlariga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. O‘tgan yili hukumat tomonidan 300 ming bosh chorva hayvonlari import qilingan va har bir bosh uchun 500 dirham (taxminan 50 dollar) subsidiya ajratilgan bo‘lishiga qaramay, bir bosh qurbonlik molining narxi 200 dan 700 dollargacha bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda 6 iyun juma kuni Qurbon hayiti nishonlanishi haqida xabar berilgandi. So‘ngra O‘zbekiston musulmonlari idorasi hayit namozi vaqtlarini e’lon qildi.