Markaziy Osiyo va uning neftga boy yangi do‘sti
Tahlil
−
08 avgust 133 10 daqiqa
Ba’zan davlat rahbarlarining norasmiy deb e’lon qilingan uchrashuvlarining ahamiyati rasmiy sammitlarnikidan aslo qolishmaydi. Joriy yilning 31 iyul kuni Qirg‘izistonning Cho‘lponota shahrida bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo va Ozarbayjon prezidentlari hamda mamlakatlarning birinchi xonimlari ishtirokidagi yig‘in faqatgina madaniy tadbir emas, balki mintaqa geosiyosiy xaritasini o‘zgartiruvchi ahamiyatga ega bo‘ldi.
Bugun Markaziy Osiyo davlatlari bilan tobora yaqinlashib borayotgan Ozarbayjonning bunday tor doiradagi maslahat uchrashuvlarida ishtirok etishi uning “eng yaqin hamkorlar” qatorida ko‘rilayotganidan darak beradi. Ozarbayjon ishtirokida an’anaviy C5 (beshta Markaziy Osiyo davlati) muloqot formati to‘laqonli C6 tuzilmasiga aylanishi global savdo va geosiyosiy yo‘nalishlarning keng ko‘lamli qayta konfiguratsiyasiga mantiqiy javob bo‘ldi. Bundan tashqari endi tadqiqotchilarni bir masala o‘ylantirmoqda: O‘zaro ittifoqchiga aylanayotgan C6 davlatlari bir kun kelib harbiy ittifoq tuzishi mumkinmi?
Madaniy diplomatiya
Qirg‘izistonning Issiqko‘l bo‘yidagi Cho‘lponota shahri Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari uchun begona maskan emas. 2022 yilda ham aynan shu shaharda Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining IV Maslahat uchrashuvi o‘tkazilgan edi. Oradan to‘rt yil o‘tib, Cho‘lponota yana mintaqaviy diplomatiyaning markaziga aylandi. Bu safargi uchrashuv esa avvalgilaridan nafaqat siyosiy kun tartibi, balki o‘ziga xos madaniy va oilaviy muhiti bilan ham ajralib turdi.

31 iyul kuni Qirg‘izistonda Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining navbatdagi Maslahat uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Unga mezbon sifatida Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov raislik qildi. Sammitda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev, Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon, Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov hamda ilk bor faxriy mehmon sifatida Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev ishtirok etdi.
Mazkur norasmiy maslahat uchrashuviga ko‘plab davlat rahbarlari o‘z turmush o‘rtoqlari bilan tashrif buyurdi. Bu esa uchrashuvni nafaqat siyosiy muzokaralar, balki mintaqa davlatlari o‘rtasidagi madaniy yaqinlik va oila diplomatiyasini namoyon etuvchi yirik tadbirga aylantirdi.
Mehmonlarni kutib olish marosimi ham yuqori darajada tashkil etildi. Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov va uning rafiqasi Aygul Japarova xorijiy delegatsiyalarni tantanali ravishda kutib oldi. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rafiqasi Ziroatxon Mirziyoyeva bilan, Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev esa birinchi xonim Mehribon Aliyeva bilan tashrif buyurdi.
Norasmiy sammit dasturining ilk muhim voqealaridan biri Issiqko‘l bo‘yida joylashgan yangi besh yulduzli “Baku Resort & Spa” mehmonxonasining tantanali ochilish marosimi bo‘ldi. Unda barcha davlat rahbarlari va birinchi xonimlar birgalikda ishtirok etdi. Yangi turizm majmuasining foydalanishga topshirilishi mintaqaning turizm salohiyatini rivojlantirish yo‘lidagi ramziy qadam sifatida baholanmoqda.
Norasmiy uchrashuvlarda klassik diplomatiyadan ham samaraliroq bo‘lgan antiqa diplomatik vositalardan foydalaniladi. Finlyandiyada sauna diplomatiyasi, Britaniyada choy diplomatiyasi kabi erkin muloqot qurish vositalari tez-tez qo‘llanib turishi ko‘pchilikka ma’lum bo‘lsa kerak. Cho‘lponota sammiti ishtirokchilari esa Issiqko‘l sohilida joylashgan xalqaro golf majmuasi faoliyati bilan tanishdi. Bunday norasmiy tadbirlar davlat rahbarlariga rasmiy muzokaralardan tashqari erkin muloqot qilish imkonini yaratadi. So‘nggi yillarda xalqaro diplomatiyada golf maydonlari ko‘plab norasmiy uchrashuvlar uchun alohida maskan vazifasini o‘tayotgani bois, Cho‘lponotadagi ushbu tashrif ham o‘ziga xos ramziy ahamiyat kasb etdi.
.jpg)
Prezidentlar siyosiy va iqtisodiy masalalarni muhokama qilayotgan bir paytda, birinchi xonimlar uchun alohida madaniy dastur tayyorlandi. Ziroat Mirziyoyeva hamda Ozarbayjonning birinchi xonimi Mehribon Aliyeva Cho‘lponotadagi “Oltin-Bolalik” sog‘lomlashtirish va reabilitatsiya markaziga tashrif buyurib, uning faoliyati bilan tanishdi. Ushbu tashrif sammit dasturining insonparvarlik va ijtimoiy yo‘nalishini ham namoyon etdi deyish mumkin. Birinchi xonimlar bu yerda qirg‘izistonlik yoshlar ishtirokida mahalliy urf-odatlar bilan tanishdi. Tashrif davomida O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Ozarbayjon xalqlari o‘rtasidagi do‘stlik ramzi hisoblangan “Do‘stlik daraxti” nomli kigiz pannosiga yakuniy bezak elementini tushirish marosimi ham birinchi xonimlar ishtirokida o‘tkazildi.
30 iyul kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qirg‘izistonning oliy davlat mukofotlaridan biri – I darajali “Manas” ordeni bilan taqdirlandi. Bu mukofot so‘nggi yillarda O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi siyosiy ishonch, chegaraviy masalalarni hal etish, iqtisodiy hamkorlik hamda mintaqaviy integratsiyani rivojlantirish yo‘lidagi sa’y-harakatlarning yuksak e’tirofi sifatida baholandi.
Shuningdek, Sadir Japarov Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevni ham xuddi shunday orden bilan taqdirladi. Mazkur mukofot ikki davlat o‘rtasidagi strategik sheriklik va qardoshlik munosabatlarini mustahkamlashdagi xizmatlari uchun berildi.
31 iyul oqshomida esa Cho‘lponotada Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov va birinchi xonim Aygul Japarova nomidan Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev hamda birinchi xonim Mehribon Aliyeva sharafiga davlat qabuli tashkil etildi. Tantanali qabul sammitning madaniy dasturini yakunlab, davlat rahbarlari va ularning oila a’zolariga norasmiy muloqot qilish imkonini berdi.
Shu tariqa, 31 iyul kuni bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo va Ozarbayjon davlat rahbarlari ishtirokidagi norasmiy maslahat uchrashuvi bir narsani ko‘rsatdi. Endi bu davlatlar shunchaki hamkor, qo‘shni yoki yagona etnik ildizga ega millatlar emas, balki bir oila darajasidagi yaqin do‘stlardir.
Siyosiy nazar
Bugungacha Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining maslahat uchrashuvlari naqd 8 marta bo‘lgan. Ammo bu safargi norasmiy sammit o‘tgan yettitasidan bir jihati bilan farq qildi. Endi avvalgi C5 formati kengaydi, uchrashuvda nafaqat besh Markaziy Osiyo davlati, balki Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev ham to‘laqonli ishtirok etdi. Bu esa ko‘pchilik ekspertlar tilga olayotgan C6 formatining amalda shakllanayotganidan darak berdi.
Eng muhim siyosiy voqealardan biri Qirg‘izistonning ittifoqchilari bir emas, birdaniga ikkitaga ko‘paygani bo‘ldi. 30 iyul kuni oliy darajadagi muzokaralar yakunida O‘zbekiston va Qirg‘iz Respublikasi rahbarlari Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnomani imzoladi. Bu, o‘z navbatida, hamkorlikning eng oliy darajasi deganidir. 31 iyul kuni esa Prezident Sadir Japarov va Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev ham xuddi shu mazmundagi hujjatni imzoladi.

“Bugun siz bilan birgalikda davlatlararo munosabatlarimizni eng yuqori darajaga ko‘tardik, bu yana bir bor hamkorligimizni mustahkamlashga bo‘lgan umumiy intilishimizni namoyon etdi”, dedi Ozarbayjon rahbari.
Ozarbayjonning Maslahat uchrashuviga qo‘shilishi Markaziy Osiyoning geosiyosiy xaritasini o‘zgartirayotgan jarayonlardan biri. Bugungacha mintaqa ko‘proq C5 – besh Markaziy Osiyo davlati formatiga tayanar edi. Ozarbayjonning qo‘shilishi bilan esa Kaspiy dengizining ikki qirg‘og‘i yagona siyosiy va iqtisodiy makonga aylanish imkoniga ega bo‘ladi. Bu esa Markaziy Osiyoni Janubiy Kavkaz orqali Turkiya, Qora dengiz va Yevropa bozorlariga bevosita bog‘laydigan yangi geoiqtisodiy yo‘nalishni kuchaytiradi.
Aslida Ozarbayjon bu zanjirning eng muhim halqasi hisoblanadi. Chunki Kaspiy dengizidan o‘tadigan deyarli barcha yirik transport yo‘laklari aynan Boku orqali davom etadi. Demak, O‘zbekiston yoki Qozog‘istondan Yevropaga chiqayotgan yuklar uchun Ozarbayjon oddiy tranzit hudud emas, balki strategik darvoza vazifasini bajaradi.
Bundan tashqari, Ozarbayjonning energetika bo‘yicha tajribasi Markaziy Osiyo uchun anchagina asqatadi. Ayniqsa, Cho‘lponotadagi yig‘ilishda Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon mintaqa oldida paydo bo‘layotgan yangi tahdidlarni alohida tilga olgach, Bakuning ittifoqdagi ahamiyati yanada aniqroq namoyon bo‘la boshladi. Unga ko‘ra, bugungi geosiyosiy vaziyat Markaziy Osiyo davlatlaridan xavfsizlik, iqtisodiyot va transport masalalarida yakka emas, balki birgalikda harakat qilishni talab qilmoqda. Prezident yangi xavf-xatarlarga qarshi umumiy yondashuv ishlab chiqish zarurligini ta’kidladi.
Rahmon transport va logistika yo‘laklarini rivojlantirish masalasiga ham alohida urg‘u berdi. Uning fikricha, mintaqa ichidagi bog‘liqlik kuchaysa, tashqi iqtisodiy bosimlarga chidamlilik ham ortadi.
“Biz ushbu imkoniyatlardan xalqlarimiz manfaatlari yo‘lida maksimal darajada samarali foydalanishimiz, shu bilan birga mintaqaviy rivojlanishning dolzarb masalalarini ilgari surishda barcha tomonlar uchun maqbul bo‘lgan yondashuvlarni saqlab qolishimiz kerak”, deydi u.
Eng e’tiborli takliflardan biri esa Markaziy Osiyoda yirik neftni qayta ishlash zavodi barpo etish tashabbusi bo‘ldi. Bunday loyiha amalga oshsa, mintaqa xom neft eksportchisidan yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulot ishlab chiqaruvchi hududga aylanishi mumkin. Bu esa energetika xavfsizligini oshirish bilan birga sanoat kooperatsiyasini ham kuchaytiradi.
“Tegishli idoralarimizga eng so‘nggi texnologiyalarni jalb qilgan holda mintaqada yirik neftni qayta ishlash zavodini qurish masalasini ishlab chiqishni topshirishni taklif qilaman”, deydi Rahmon.
Chindan ham Markaziy Osiyodagi Rossiyaga energetik qaramlik so‘nggi yillarda, ayniqsa Ukraina bilan kechayotgan urush davrida tobora xavfli bo‘lib qolmoqda. Bundan tashqari, nafaqat Rossiya, balki boshqa yonilg‘i eksportchilaridan ham mahsulotlarni olib kelish tobora xavfli bo‘lib borayotgani hech kimga sir emas. Aynan shu tufayli energetik mustaqillikka erishish eng maqbul variant bo‘lib qolmoqda.

So‘nggi yillarda O‘zbekiston Rossiyadan tabiiy gaz import qilishni yo‘lga qo‘ygan, yangi energetika loyihalari muhokama qilinmoqda, gaz infratuzilmasi bo‘yicha hamkorlik kengaymoqda. Bir tomondan, bu qisqa muddatda energiya taqchilligini yumshatishga xizmat qilayotgan bo‘lishi mumkin, ammo boshqa tomondan esa ayrim tahlilchilar mintaqa, jumladan O‘zbekistonning Rossiya energetikasiga qaramligi ortib borayotganini ta’kidlamoqda.
Aynan shu nuqtada C6 formatining ahamiyati yanada ortadi. Chunki Ozarbayjon Kaspiy mintaqasidagi yirik neft va gaz eksportchilaridan biri hisoblanadi. Kelajakda energetika yo‘nalishida ham hamkorlik chuqurlashsa, Markaziy Osiyo davlatlari energiya manbalarini diversifikatsiya qilish imkoniyatiga ega bo‘lishi mumkin. Bu esa mintaqaning strategik mustaqilligini mustahkamlovchi omillardan biriga aylanishi ehtimoldan xoli emas.
Xalqaro munosabatlar nazariyasida “ittifoq” deganda, odatda davlatlarning o‘zaro harbiy himoya majburiyati tushuniladi. Ya’ni ittifoqchilardan biriga tashqi hujum qilinsa, qolgan davlatlar ham uni o‘z xavfsizligiga tahdid sifatida qabul qiladi va muayyan majburiyatlar asosida harakat qiladi.
Buning yaqqol misoli sifatida NATOning 5-moddasini keltirish mumkin. Unga ko‘ra, bir a’zo davlatga qilingan qurolli hujum barcha a’zolarga qarshi hujum sifatida baholanadi. KXSHTning 4-moddasi ham shu kabi kollektiv mudofaa tamoyiliga tayanadi. Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi ittifoqchilik munosabatlarida ham tomonlardan biriga nisbatan agressiya sodir etilsa, bu barchaga qarshi qilingan tajovuz sifatida qaralishi belgilangan.
Ammo O‘zbekiston so‘nggi yillarda turli davlatlar bilan imzolayotgan “ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risida”gi shartnomalarga kelganda, vaziyat biroz boshqacha.
Bu hujjatlarda NATO yoki KXSHTdagi kabi “bir davlatga hujum – barchaga hujum” tamoyilini avtomatik ravishda ishga tushiradigan harbiy majburiyat mavjud emas. Tomonlar, asosan, xavfsizlik masalalari bo‘yicha muntazam maslahatlashish, bir-biriga qarshi qaratilgan harbiy-siyosiy bloklarga qo‘shilmaslik, kuch ishlatmaslik yoki kuch bilan tahdid qilmaslik, shuningdek, mudofaa sohasida hamkorlik qilish kabi majburiyatlarni zimmasiga olmoqda.
Shu yerda muhim savol tug‘iladi: agar shartnoma davlatni ittifoqchisini harbiy jihatdan himoya qilishga majbur qilmasa, uni qanchalik “klassik ittifoq” deb atash mumkin?
Javob shuki, bunday kelishuvlarni klassik harbiy ittifoqlar bilan bir qatorga qo‘yish to‘g‘ri emas. Bu shartnomalar ko‘proq siyosiy, diplomatik va xavfsizlik sohasidagi yaqin hamkorlikni institutsionallashtiradi. Ya’ni gap avtomatik harbiy yordam berish haqida emas, balki ehtimoliy tahdidlar yuzaga kelganda maslahatlashish, pozitsiyalarni muvofiqlashtirish va mudofaa sohasida hamkorlik qilish haqida ketmoqda.
Demak, bu yerda “ittifoqchilik” atamasining o‘ziga emas, shartnomada qanday majburiyatlar belgilanganiga qarash muhim. Zero, xalqaro munosabatlarda hujjatning nomi emas, uning tomonlarga yuklaydigan aniq majburiyatlari davlatlar o‘rtasidagi munosabatlarning haqiqiy xarakterini belgilaydi.
“Unda nega “ittifoqchilik” atamasi tanlanmoqda? Menimcha, bu shartnomalarning asosiy vazifasi tashqi dushmanga qarshi birlashishdan ko‘ra, mintaqaviy tartibni mustahkamlashdir. Ular Shavkat Mirziyoyev davridagi qo‘shnichilik siyosatini institutsionallashtiradi, chegara masalalari bo‘yicha erishilgan kelishuvlarni mustahkamlaydi va davlatlar o‘rtasida muntazam hamkorlik mexanizmlarini yaratadi. Shu bilan birga, ular mintaqa davlatlarining o‘zaro teng va mustaqil sherik sifatida harakat qilishga intilayotganini ham namoyon etadi”, deb yozadi Otabek Ikromov.
Chindan bu yondashuv O‘zbekistonning ko‘p yillardan beri izchil amal qilib kelayotgan bloklarga qo‘shilmaslik va harbiy-siyosiy muvozanatni saqlashga qaratilgan tashqi siyosat konsepsiyasiga ham to‘liq mos keladi.
Xullas, Cho‘lponotadagi uchrashuv tashqi tomondan norasmiy maslahat yig‘ini deb talqin etilsa-da, uning ortida ancha katta geosiyosiy jarayonlar turibdi. Bir tomonda C6 formati shakllanmoqda. Ikkinchi tomonda transport yo‘laklari, logistika va sanoat integratsiyasi kun tartibiga chiqmoqda. Uchinchi tomonda esa energetika xavfsizligi va tashqi qaramlikni kamaytirish masalasi tobora dolzarb tus olmoqda.
Live
Barchasi