Maradona o‘limi bo‘yicha sud bo‘lib o‘tadi

Sport

image

Argentina sudi futbol afsonasi Diyego Maradonaning o‘limi yuzasidan yangi sud jarayonini 2026 yil 17 martda boshlanishini e’lon qildi. Bu qaror San-Isidrodagi 7-sonli jinoyat sudida ma’lum qilindi. Bu haqda “Buenos Aires Times” nashri xabar berdi.

Manbaga ko‘ra, 2020 yil noyabr oyida 60 yoshida vafot etgan Maradonaning o‘limiga beparvoligi sababchi bo‘lgan deb gumon qilinayotgan 7 nafar tibbiyot xodimi qayta sud qilinadi. Ayblanuvchilar, agar “o‘limga olib kelishi mumkinligini bilgan holda beparvo harakat qilgan” deb topilsa, 8 yildan 25 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin. Joriy yilning may oyida o‘tkazilgan dastlabki sud jarayoni sudyalardan biri Xuleta Makintach Maradona ishi haqidagi “Ilohiy adolat” nomli hujjatli filmda ishtirok etgani fosh bo‘lgach bekor qilingan edi. Shundan so‘ng qolgan ikki sudya ham iste’foga chiqqan.

Endi ishni yangi tayinlangan hay’at  Alberto Ortolani, Pablo Rolon va Alberto Gaig ko‘rib chiqadi. Dastlabki sud majlisi joriy yilning 12 noyabr kuni bo‘lib o‘tib, unda “dalillarni ko‘rib chiqish va qabul qilish” jarayoni o‘tkaziladi.
Maradona 2020 yil 25 noyabr kuni, miya qon quyilishi bo‘yicha jarrohlik amaliyotidan ikki hafta o‘tib, uyida vafot etgan. Ekspertiza xulosasiga ko‘ra, u yurak yetishmovchiligi, o‘tkir o‘pka shishi va kengaygan kardiomiopatiyadan vafot yetgan.

Sud materiallarida Maradona uyida parvarish qilish sharoitlari “mos emas” deb baholangan. Xona “iflos, tartibsiz” bo‘lgan, zarur tibbiy asbob-uskunalar, jumladan defibrillyator yo‘qligi qayd etilgan.
Prokurorlar tibbiyot jamoasini “og‘ir beparvolik”da ayblamoqda. Himoya tomoni esa “bir jinoyat uchun ikki marta sud qilinmaslik” tamoyiliga asoslanib, yangi sud jarayonini bekor qilishni so‘ragan, biroq sud bu da’voni rad etdi.

Yangi sudda Maradonaning qizlari Dalma, Janinna va Jana, shuningdek, uning sobiq turmush o‘rtog‘i Veronika Odejda guvohlik berishi kutilmoqda. Sud San-Isidro shahridagi sud majlislar zalida bo‘lib o‘tadi. Jarayon futbol tarixidagi eng mashhur shaxslarning biri Diyego Maradonaning o‘limi yuzasidan tibbiyot sohasidagi mas’uliyat chegaralarini aniqlab beruvchi muhim sinov bo‘lishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Argentina Markaziy banki (BCRA) 2026 yilgi futbol bo‘yicha Jahon chempionati arafasida 1986 yil Meksikada bo‘lib o‘tgan mundial chorak finalida Diyego Maradonaning Angliyaga urgan mashhur goli tasvirlangan yangi kumush tanga chiqargan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Diego Maradona San-Isidro Argentina sudi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing