Madaniyat xodimlari yugurdakka aylanib qolgan edi – Ozodbek Nazarbekov

Intervyu

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev kuni kecha “Madaniyat va san’at sohasining jamiyat hayotidagi o‘rni va ta’sirini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmon va “O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzolagan edi. Ushbu ikki hujjat bilan madaniyat va san’at sohasida amalga oshiriladigan galdagi islohotlar rejasi belgilandi, ushbu soha vakillariga bir qator imtiyozlar berildi. 

O‘zbekistonda yillar davomida madaniyat va san’at sohasi vakillari davra to‘rida bo‘lib kelgan. Ammo ular ko‘rsatgan natija haminqadar. Xo‘sh, ularga bu qadar keng imkoniyatlar berish kerakmidi? Ushbu masalada QALAMPIR.UZ O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov bilan suhbatlashdi. 

Ozodbek Nazarbekov, Madaniyat vaziri: — Vazir lavozimiga joriy yilning 23 yanvar kuni tayinlangan bo‘lsam, oradan bir vazirning faoliyatiga baho berishga arziydigan muddat o‘tdi. Lekin pandemiya munosabati bilan endi harakat boshlaganimizda, chekinishga majbur bo‘ldik. Boisi, ayrim islohotlarimiz borish-kelish, ko‘rishish bilan bog‘liq. Shuning uchun harakatlarimiz bir muncha to‘xtab qoldi.

Bu oldimizga katta vazifalar qo‘yadigan, oyog‘i yerdan uzilmagan va amalga oshirsa bo‘ladigan farmon bo‘ldi. Uni hayotga tadbiq etsa bo‘ladi va real.

Qamariddin Shayxov, jurnalist: — Bu farmon ijrochilarining oyog‘i yerdan uzilmaganmi? Qanchalik muhim edi bu farmon? 

O.N.: — Bizning tizimimiz bu farmonni juda katta xursandchilik bilan qarshi oldi. Jamiyatimizda madaniyat desa faqat musiqa, tomosha, qo‘shiq degan juda tor tasavvur shakllanib qoldi. Hammada madaniyat tushunchasi torayib, kichkinagina tasavvur paydo bo‘lib qoldi. Go‘yo u sahna ustidagi shou. Aslida shundaymi?

Q.Sh: — Bunga aybdor jamiyatmi...

O.N.: — Yo‘q, albatta. Bizgacha bo‘lgan bir necha 10 yillar davomida shunday tushuncha shakllanib keldi.  20-30 nafar mashhur xonanda yo aktyorlarning hayoti, faoliyatidan kelib chiqib, butun tizimga baho berish qanchalik to‘g‘ri? Madaniyat yo‘nalishi shu darajada xilma-xilki, boshqa vazirliklar bilan solishtiradigan bo‘lsangiz, ularda bazaviy bilim bir. Masalan, sportning qaysi yo‘nalishi bo‘lsa ham bazaviy bilimi bir xil. Aytaylik, teatr bilan madaniy merosning bazaviy bilimi bir xilmi? Yo‘q, umuman boshqa-boshqa. Bu soha juda keng tarmoqli va unda bir-biriga o‘xshamaydigan yo‘nalishlar bor. Shuning uchun bu farmon suv va havodek kerak edi. 

Jamiyatimizda bugun madaniyatga nisbatan shakllanib qolgan konsert, tomosha, qo‘shiq, klip degan tushunchani buzib tashlab, uni mutlaq yangi darajaga ko‘tarish, yangi modelini kiritish uchun ham kerak edi. Tushunchaning torayib ketgani ham sohaning islohtga muhtojligini ko‘rsatmoqda. 

Q.Sh: — Buni Nazarbekov modeli, desak bo‘ladimi?

O.N.: — Yo‘q. Bu – Yangi O‘zbekistonning oldimizga qo‘ygan yangi talablari. Bugun Prezidentimiz nima deyaptilar: tajribali odam kerakmas, tajribali odamlarni olib kelma. Ularning qayerdan tajriba orttirganini bilaman. Ya’ni o‘tgan davrdan tajriba orttirgan. U shu kungacha bizga hech narsa bermadi, bundan keyin ham bermaydi. Tajribali emas, sadoqatli, sohaga fidokor, yurtiga, millatiga, xalqiga, Vataniga fidoiy bo‘lgan odam bo‘lsa, qolganini o‘zi eplab ketadi. Bu yerda odam o‘zini qiynashi, nima qilsam ham shu sohani isloh qilaman degan tashvish bilan kun kechirishining o‘zi kifoya qiladi. Bilimli bo‘lib, hamma narsani mukammal bilib, oxirigacha tushunib yo tajribali bo‘lishi shart emas. Jarayonni o‘zi o‘rgatadi. Bunda mehr, sadoqat, vafo muhim. Bizga mana shu uchta narsa kerak. 

Q.Sh: — Va biroz pul. Chunki madaniyat sohasi xodimlarining maoshi u qadar katta bo‘lmagan.

O.N.: — Madaniyat sohasining to‘g‘ri shakllanishi uchun soha vakillarining mehnatiga yarasha haq to‘lash kifoya. Ortiqcha pul yo boshqa narsa kerak emas. Eng qizig‘i, bugungacha ayrim jabhalarda haq ham to‘lanmas edi. Bugun farmon bilan mana shu masalalar yechilyapti. Va yillik kalendar asosida tadbirlarni rejalashtirib, keyin amalga oshirish masalalari qo‘yilyapti. Farmon bilan madaniyat va san’at vakillarining jamiyatdagi o‘rni belgilanyapti. Ya’ni farmonda ularga to‘g‘ri va munosib munosabatda bo‘lgin deyilyapti. Avvalo madaniyat xodimlarining o‘zi, keyin jamiyat bilsin ularning o‘rnini. Farmon rejasiz, mazmunsiz, natijasiz tadbirbozliklardan voz kechishga, hurmat qilishga, kelishishga majbur qiladi. Bu juda kerak edi. Qo‘pol bo‘lsa ham aytish mumkinki, hududlarda madaniyat xodimlari yugurdakka aylanib qolgan edi. O‘zining sohasi va vazifasi, majburiyati qolib, umuman boshqa ishlarga jalb qilingan holatlar ko‘p edi. Ularning o‘z ishini bajarmay, hududiy rahbarlarning buyruqlarini bajarib yurishi juda katta muammo edi. Farmon bilan yillab yechimini topmayotgan ushbu muammolar yechiladi. 

Bugun jamiyatda bizning o‘rnimiz qayerda, biz o‘zi nima qilishimiz kerak, degan savollarni beradigan payt keldi. Madaniyat sohasi nima ish qilishi kerak, vazifasi nima?

Q.Sh: — Javob topdingizmi? 

O.N.: — Bunga Prezidentimiz ta’birlari bilan javob beradigan bo‘lsam, Mufodaa bugun jamiyatning jonini, jismini, salomatligi va tinchligini himoya qilayotgan bo‘lsa, Madaniyat vazirligi jamiyatimizning ongi va tafakkuri mudofaasi bilan shug‘ullanishi kerak. 

Ushbu videointervyuni yuqoridagi videopleyerda yoki YouTube’dagi sahifamizda tomosha qilishingiz mumkin. 


Maqola muallifi

Teglar

Ozodbek Nazarbekov

Baholaganlar

111

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing