Litva Bosh vaziri iste’foga chiqyapti

Olam

image

Litva Bosh vaziri Gintautas Palutskas hukumat rahbari hamda Litva Sotsial-demokratik partiyasi raisi lavozimidan iste’foga chiqmoqda. Bu haqda hukumatdagi manbalariga tayanib, LRT xabar berdi.

Nashrning qayd etishicha, ushbu ma’lumotni keyinchalik Litva Prezidenti Gitanas Nauseda ham tasdiqlagan. U Palutskas iste’fo haqida shaxsan o‘ziga ertalab qo‘ng‘iroq qilib, ma’lum qilganini aytgan. 

“Bugungi yangilik shundan iboratki, Palutskas ertalab menga qo‘ng‘iroq qilib, iste’foga chiqayotganini aytdi”, degan mamlakat Prezidenti. 

Nashrga ko‘ra, Palutskas partiya rahbarligidan ham ketmoqda. Endilikda partiya rahbarligi Palutskasning sobiq birinchi o‘rinbosari, Jonava tumani meri Mindaugas Sinkyavichyusga o‘tadi.

Palutskasning o‘zi OAVga bergan intervyusida bu gaplar rostligi, tez orada rasmiy ravishda lavozimidan ozod bo‘lishi haqida gapirgan. 

“Taxminan bir soat oldin Prezidentga Bosh vazirlik lavozimini tark etish qarorimni bildirdim. Tez orada rasmiy tartib jarayoni boshlanadi. Qolaversa, partiya raisligidan ham ketishga qaror qildim”, degan Palutskas. 

Palutskas o‘z intervyusida hamkor koalitsiya partiyalariga, hukumatdagi jamoasiga va Prezidentga bildirgan ishonchi va hamkorligi uchun minnatdorlik bildirgan. U iste’fosining sabablarini oilasidagi vaziyat bilan bog‘lagan. 

“Men oilam boshidan kechirayotgan holatlarga chiday olmayapman. Huquq va axloq chegaralari buzilib, hujumlar xotinim va oilamga qaratilmoqda. Ular bu voqealarning garoviga aylanishiga yo‘l qo‘ya olmayman”, degan Palutskas. 

Ma’lumot uchun, Palutskas Litvaning Bosh vaziri sifatida 2024 yilning dekabrida lavozimga kirishgan. U Litva Sotsial-demokratik partiyasidan bo‘lib, boshqa ikki partiya bilan koalitsiya tuzgan. U mudofaa sohasiga katta e’tibor qaratib, harbiy byudjetni sezilarli darajada oshirishni taklif qilgan. Shuningdek, Xitoy bilan diplomatik aloqalarni tiklash tarafdori bo‘lgan.

Biroq u boshchilik qilgan hukumatda mojaro yuzaga kelgan, ayniqsa koalitsiyadagi bir partiya yetakchisining antisemitizmga oid bayonotlari jamoatchilik noroziligiga sabab bo‘lgan. Keyinchalik Palutskasning o‘zi moliyaviy shaffoflikka oid ayblovlarga uchragan – unga noqonuniy kreditlar, yer sotuvlari va yolg‘on bitimlar bilan bog‘liq da’volar qo‘yilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Litva Gintautas Palutskas

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing