Kim Chen Inning qizi nega birdan hammaning e’tiboriga tushdi?

Tahlil

Avval xabar berganimizdek, Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In Koreya xalq armiyasi tashkil etilganining 75 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan harbiy paradda o‘z qizi bilan qatnashgan edi. Undan bir kun oldin Pxenyandagi harbiy kazarmada o‘tkazilgan ziyofatda ham Kim Chen Inning qizi ishtirok etgandi. Xo‘sh, ushbu ikki shov-shuvli harbiy tadbirda qiziga hamrohlik qilgan Kim Chen In bu bilan dunyoga nima demoqchi?

Bir tarafdan, bu harakatlar Kim oilasining Shimoliy Koreya ustidan nazorati yana bir avlod davomida saqlanib qolishini anglatishi mumkin. Bunga hech kim qarshi tura olmasligiga ishonch hosil qilish uchun paradda yadroviy qurollar ham namoyish etilgan.

“Kim muhim harbiy tadbirlarda xotini va qizining ishtirokini ta’minlab, mamlakatdagi va xorijdagi kuzatuvchilarga uning oilaviy sulolasi hamda Shimoliy Koreya armiyasini o‘zaro bog‘liqligini ko‘rsatishni xohlaydi”, deydi Seuldagi Evha universiteti professori Leif-Erik Esli.

Kimlar o‘zi kimlar?

Shimoliy Koreyada Kimlar oilasining hukmronligi 1948 yildan – Ikkinchi Jahon urushidan keyin Kim Ir Sen hokimiyat tepasiga kelganidan beri davom etib kelmoqda. 1994 yilda Kim Ir Sen vafot etganida, uning o‘g‘li Kim Chen Ir boshqaruvni qo‘lga olgan. 2011 yilning dekabrida Kim Chen Ir vafot etganda esa uning o‘g‘li Kim Chen In hokimiyatga kelgan.

G‘arb kuzatuvchilari Kim Chen Inning uchta farzandi borligini, hozirda butun dunyo OAVlarining e’tiboriga tushayotgan taxminan 9 yoshlardagi Chju E uning o‘rtancha farzandi ekanini taxmin qilishadi. Ammo buni Shimoliy Koreyadan tashqarida hech kim tasdiqlay olmaydi. Shimoliy Koreya matbuoti esa ushbu haftada sodir bo‘lgan harbiy voqealar haqidagi xabarlarida Chju Eni Koreya yetakchisining “hurmatli” va “sevimli” farzandi sifatida tasvirlagan.

Voris uchun biroz erta emasmi?

Janubiy Koreyadagi Sejong institutining katta tahlilchisi Cheong Seong-Changning aytishicha, Kimlar sulolasining o‘z vorisini erta yoshdan aniqlashi hayratlanarli holat emas. Chunki Kim Chen Inning otasi ham u bilan xuddi shunday qilgan.

“Ma’lumki, Kim Chen In 8 yoshga to‘lgan kunida “Oyoq izlari” nomli qo‘shiqni ijro etgan. U qo‘shiq aytayotganda otasi Kim Chen Ir o‘g‘lini maqtash uchun o‘z yordamchilariga Kim Chen In uning vorisi bo‘lishini aytgan. Biroq o‘shanda tashqi dunyo bundan bexabar bo‘lgan. Shuning uchun ham uzoq vaqt davomida Kim Chen Irning birinchi o‘g‘li Kim Chen Nam yoki ikkinchi o‘g‘li Kim Chen Chol voris bo‘lishi haqidagi mish-mishlar va taxminlar tarqalgandi”, deydi Cheong Seong-Chang. 

Kimning qizi qachon e’tibor markaziga tushdi?

Chju E Kimning vorisi bo‘lishi haqidagi taxminlar o‘tgan yilning noyabr oyida paydo bo‘ldi. O‘shanda davlat ommaviy axborot vositalarida Chju E va Kim Chen In ballistik raketa sinovlaridan oldin ularni ko‘zdan kechirayotgani tasvirlangan suratlar e’lon qilingandi.

Shu paytda ham davlat matbuoti Chju Eni yetakchining “eng suyukli” farzandi deb ta’riflagandi. 2022 yil oxirida yana uning surati matbuotda tarqaldi. Bu safar ham u otasi bilan raketa zavodiga tashrif buyurgan edi.

Meros ishi

Tahlilchilarning fikricha, qizning so‘nggi voqealarda ko‘rinish berishi u otasining o‘rnini egallashga tayyorlanayotganini bildiradi. Qiz keyingi yetakchiga aylanishi uchun unga harbiylarning qo‘llovi kerak bo‘ladi.

Yoshligidanoq harbiy tadbirlarda asosiy figura sifatida ishtirok etish esa vaqt o‘tishi bilan uning harbiylar orasidagi obro‘sini oshirishi tayin.

Yoki hammasi shunchaki piarmi?

Ba’zi tahlilchilar esa boshqacha fikrda. Chju Ening so‘nggi chiqishlari o‘tgan yilgi rekord darajadagi raketa sinovlaridan kuzatuvchilar charchagan bir paytda, dunyo e’tiborini yana Pxenyan armiyasiga qaratishning bir usuli bo‘lishi mumkin.

“Menimcha, shimoliy koreyaliklar yo qoqilib ketishdi yoki bu xalqaro e’tiborni jalb qilishning bir yo‘li ekanligini anglab yetdi. Ularning yetmish yillik tarixi davomida ularning vorislari biz uchun doim sir bo‘lib kelgan. Nega endi ular ish tartibini o‘zgartiradilar? Garov o‘ynashim mumkinki, u merosxo‘r emas”, deydi janubiy koreyalik iste’fodagi general Chun In-Bum.

Unda raketalar haqida nima deyish mumkin?

Chju E haqida hali ko‘p bahs-munozaralar mavjud bo‘lsa-da, bir narsa aniqki, u otasining oilasini hokimiyatda ushlab turish uchun yetarli darajada harbiy kuchga ega bo‘lishni xohlayotganiga shubha yo‘q.

8 fevral kuni kamida 11 ta “Xvason-17” qit’alararo ballistik raketalarining namoyish etilishi Shimoliy Koreya harbiylari Kimning 2022 yil oxirida o‘z mamlakatining yadroviy arsenalini ko‘paytirish haqidagi chaqirig‘iga javob bo‘lganini ko‘rish mumkin. Xalqaro Tinchlik uchun Karnegi jamg‘armasining yadro siyosati bo‘yicha eksperti Ankit Panda ijtimoiy tarmoqlarda agar bu raketalarning har biri bir nechta yadro kallaklari bilan jihozlangan bo‘lsa, ular AQSHning ballistik raketalarga qarshi mudofaa tizimini yengib o‘tish uchun yetarli hajmga ega bo‘lishi mumkinligini aytgan.

Alibek Beyjanov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Shimoliy Koreya Kim Chen Inn

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing