“Komaga tushgan” Kim Chen In ommaga ko‘rinish berdi
Olam
−
10:40 3194 2 daqiqa
Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In miyasiga qon quyilgani va komaga tushgani haqidagi tasdiqlanmagan xabarlar tarqalganidan so‘ng omma oldida ko‘rinish berdi. Shimoliy Koreya davlat axborot agentligi (KCNA) tomonidan uning kiyim-kechak va poyabzal ko‘rgazmasiga tashrif buyurgani aks etgan suratlar e’lon qilindi.
KCNA e’lon qilgan suratlarda Kim Chen Inning kecha, 19 oktyabr kuni ko‘rgazmaga tashrif buyurgani aks etgan. Unga qizi Ju Ae va rafiqasi Ri Sol Ju hamrohlik qilgan. Suratlarda Kim mahsulotlarni ko‘zdan kechirayotgani va rasmiylar bilan muloqot qilayotganini ko‘rish mumkin.
Uning jamoatchilik oldida ko‘rinish berishi ijtimoiy tarmoqlarda sog‘lig‘iga oid turli xabarlar tarqalganidan keyin yuz berdi. Ayrim xabarlarda Shimoliy Koreya rahbarining miyasiga qon quyilgani, komaga tushgani va shoshilinch davolanish uchun Pekinga olib ketilgani da’vo qilingan.
Shuningdek, Kim Chen In vafot etgan taqdirda uning o‘rnini kim egallashi mumkinligi haqida ham taxminlar bildirilgan. Uning qizi Ju Ae va singlisi Kim Yo Jong ehtimoliy vorislar sifatida tilga olingan. Biroq Shimoliy Koreya yetakchisining sog‘lig‘i haqidagi da’volar ishonchli dalillar bilan tasdiqlanmagan.
KCNA xabariga ko‘ra, Kim Chen In ko‘rgazma bilan tanishib, mamlakatda kiyim-kechak va poyabzal sanoatining rivojlanishini yuqori baholagan.
“Ko‘rgazmada 70 mingdan ortiq kiyim-kechak va 170 mingdan ortiq juft poyabzal namoyish etildi”, deyiladi Shimoliy Koreya davlat axborot agentligi xabarida.
Mahsulotlar Kim Chen Inning yirik shaharlardan tashqarida ishlab chiqarishni rivojlantirish va aholi turmush darajasini yaxshilashga qaratilgan siyosati doirasida mamlakat bo‘ylab zavodlarda ishlab chiqarilgan.
Kim Chen Inning sog‘lig‘i haqidagi mish-mishlar avval ham bir necha bor tarqalgan. U qisqa muddatga jamoatchilik oldida ko‘rinmay qolsa, salomatligi va ehtimoliy vorisi haqida turli taxminlar paydo bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen Inning vazni 140 kilogrammdan oshib ketgani haqida xabar berdi.
Marjona Mamaniyozova
Live
Barchasi