Kim Chen In qizi bilan harbiy paradda qatnashdi
Olam
−
09 fevral 2023 7390 2 daqiqa
Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In qizi bilan Koreya xalq armiyasi tashkil etilganining 75 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan harbiy paradda qatnashdi. Unda qit’alararo ballistik raketalar namoyish qilindi. Bu haqda bugun, 9 fevral kuni “Koreya ovozi” radiosi xabar berdi.
Qayd etilishicha, KXDR yetakchisiga bir qancha amaldorlar bilan birga qizi ham hamrohlik qilgan. Bu esa butun dunyo bo‘ylab tahlilchilarda qiziqish uyg‘otgan. Chunki Kim Chen Inning qizi yaqin orada bo‘lgan barcha muhim tadbirlarda otasiga hamroh bo‘lib kelmoqda. Shuning uchun ba’zi kuzatuvchilar uni keyingi yetakchi bo‘lishini taxmin qilmoqda.

Shuningdek, paradda taktik raketalar ekipajlari, uzoq masofali qanotli raketalar, taktik yadroviy kuchlarning qismlari va qit’alararo ballistik raketalar namoyish qilingan. Kuzatuvchilar paradda qattiq yonilg‘i dvigateliga ega yangi qit’alararo ballistik raketa ham namoyish etilganini ta’kidlagan.
Manbaga ko‘ra, Shimoliy Koreyaning eng yirik qit’alararo ballistik raketasi bo‘lgan Hwasong-17’ning ham 11 tasi paradda ko‘rsatilgan. Bu turdagi qurollar yadroviy kallak bilan dunyoning deyarli istalgan nuqtasiga zarba berish imkoniga ega.

“Biz oldingi paradlarda ko‘rganimizdan ko‘ra ko‘proq qit’alararo ballistik raketa uchiruvchi qurilmalarni ko‘rdik. Agar bunday qurilmalar bir nechta jangovar kallaklar bilan jihozlangan bo‘lsa, bu raqam AQSHning mavjud raketaga qarshi mudofaa tizimlarini to‘ldirish uchun yetarli bo‘lishi mumkin”, deydi AQSHda joylashgan Karnegi xalqaro tinchlik jamg‘armasi vakili Ankit Panda Twitter’da.
Ma’lumot uchun, Kim Chen In Markaziy Qo‘mita plenumida taktik yadro qurollarini ommaviy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni buyurgan edi. Shu bilan birga, KXDR yetakchisi imkon qadar tezroq harbiy sun’iy yo‘ldoshni uchirish bo‘yicha ham ko‘rsatma bergan. Paradda ko‘rsatilgan harbiy texnikalarning ko‘pchiligi ham yetakchi topshirig‘i asosida yaratilgan.
Alibek Beyjanov
Live
Barchasi