Xitoyliklar bizni bosib olishga kelmagan – Japarov
Olam
−
21 noyabr 5615 2 daqiqa
Bugun, 21 noyabr kuni Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov Bishkekda “Altay” shaharchasi qurilishi uchun kapsula qo‘yish marosimidan keyin Birinchi may tumani aholisi bilan uchrashuvda provokatsiyalarga berilmaslikka chaqirdi. Bu haqda “Bulak” xabar berdi.
Japarov hokimiyat olib borayotgan ishlar haqida gapirar ekan, joriy yilning dekabr oyida ish boshlaydigan chiqindini qayta ishlash zavodini misol sifatida keltirgan.
“30 yil davomida chiqindi yonib turdi, odamlar badbo‘y hidda yashadi. Endi esa zavod qurildi va hozir chiqindining o‘zi yetishmayapti. Zavodning quvvati kuniga 1 ming 200 tonna, Bishkekda esa 800 tonna chiqindi to‘planadi. Bundan tashqari, u shunchaki chiqindini yoqmaydi, balki bizga 30 megavatt elektr energiya ham beradi”, deydi Qirg‘iziston Prezidenti.
Uning aytishicha, ayrim kuchlar mamlakatda Xitoy fuqarolari juda ko‘payib ketgani haqida gapirib, odamlarni qo‘zg‘atishga urinmoqda.
“Ammo ular bizni bosib olish uchun kelishmagan-ku, mana shunday zavodlar qurishyapti, temiryo‘l qurishyapti. Bularning barchasi bizga kerak. Biz g‘orda yashagandek yashay olmaymiz. 2030 yildan boshlab temiryo‘l yordamida jahon bozoriga chiqamiz, bizda tranzit imkoniyati paydo bo‘ladi”, deydi Qirg‘iziston rahbari.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Sadir Japarov Jalolobod viloyatiga amaliy tashrifi chog‘ida Qorako‘l GESining ochilish marosimida aholidan qish mavsumida elektr ta’minotidagi uzilishlardan nolimaslikni so‘ragan edi. Uning ta’kidlashicha, GESning ishga tushirilishi mamlakatning energetik xavfsizligini ta’minlash va milliy iqtisodiyotni rivojlantirish yo‘lidagi muhim qadam.
Live
Barchasi