Xitoyda SHHT tadbirlari boshlandi
Jamiyat
−
31 avgust 8052 2 daqiqa
Bugun, 31 avgust kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rafiqasi bilan birga Tyanszin shahridagi “Meyszyan” kongress markazida Shanxay Hamkorlik Tashkiloti sammitining norasmiy tadbirlarida ishtirok etdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Unda Xitoy Raisi Si Szinpin, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin, Belarus fuqarosi Aleksandr Lukashenko, Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi, Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif, Eron Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon, Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev, Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon, Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an, Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov, Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev, Mo‘g‘uliston Prezidenti Uxnaagiyn Xurelsux, Misr, Kambodja, Nepal, Armaniston hukumatlari rahbarlari hamda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish ham qatnashdi.
Prezident Mirziyoyev va rafiqasi Ziroatxon Mirziyoyevani Xitoy Raisi Si Szinpin va rafiqasi samimiy kutib oldi. Shundan so‘ng xorijiy yetakchilarga SHHTning Tyanszin sammitiga bag‘ishlangan konsert dasturi namoyish etildi.
SHHT doirasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni ustuvor yo‘nalishlarda yanada rivojlantirish va tashkilot faoliyatini takomillashtirishning dolzarb masalalari muhokama qilinadi. Shuningdek, Tyanszin deklaratsiyasi, qo‘shma hujjat va qarorlar qabul qilinishi rejalashtirilgan.
2 sentyabr kuni Pekin shahrida Mirziyoyev Xitoy rahbari Si Szinpin bilan muzokaralar o‘tkazadi, shuningdek, Xitoy rasmiy shaxslari va yetakchi kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazadi. O‘zbekiston bilan Xitoy o‘rtasidagi har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash va amaliy hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqiladi.
Eslatib o‘tamiz, 30 avgust kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinning taklifiga binoan rafiqasi Ziroatxon Mirziyoyeva bilan birga rasmiy tashrif bilan Tyanszin shahriga borgandi. Binxay xalqaro aeroportida davlat rahbarini Xitoy Transport vaziri Lyu Vey va boshqa rasmiylar kutib olgandi.
Live
Barchasi