Xitoy Rossiya-Ukraina urushidan nimani ko‘zlagan?

Olam

image

Xitoy Ukrainadagi urushdan foyda ko‘radi va Rossiyaning g‘alabasini ham xoxlamaydi. Bu haqda “The Hill” xabar berdi.

Nashrga ko‘ra, Xitoy Ukrainadagi urushning uzoq davom etishi va uning og‘ir o‘tishidan umid qilmoqda. Rasmiy Pekinning bundan ko‘zlagan maqsadi shuki, mojaro AQSHni Osiyo muammolaridan chalg‘itadi. Bunday paytda Xitoy o‘z ta’sirini kuchaytirib, G‘arbga putur yetkazishi mumkin.

Amerikalik jurnalistlarga ko‘ra, Xitoy Tashqi ishlar vaziri Van I yaqinda Yevropa diplomatiyasi rahbari Kaya Kallasga Xitoy “Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushda mag‘lub bo‘lishini qabul qila olmaydi, chunki bu Qo‘shma Shtatlar e’tiborini butunlay Xitoyga qaratishga imkon berishi mumkin”, deb tan olganida biroz beparvolik qilgan. Ya’ni, bir tomondan, Rossiyaning mag‘lubiyati Xitoy uchun foydali emas. Ammo boshqa tomondan, Rossiyaning g‘alabasi ham kerak emas.

Maqolada yozilishicha, har qanday chalg‘itish mamnuniyat bilan qabul qilinadi. Ammo Amerika qo‘shni emas va urushda qatnashmaydi. Bundan tashqari, geosiyosiy jihatdan AQSH Xitoydan uzoqda, Rossiya esa yaqin. Va nazariy jihatdan, bu unga bevosita tahdid solishi mumkin. Masalan, amerikaliklarning fikricha, agar Rossiya Ukrainada g‘alaba qozonsa, u holda o‘ziga ishonch to‘lqini bilan NATO davlatlaridan biriga hujum qilishi yoki an’anaviy ravishda rusiyzabon aholi yashaydigan shimoliy Qozog‘istonning bir qismini qaytarishga harakat qilishi mumkin. Ikkala variant ham Xitoy uchun iqtisodiy va geosiyosiy manfaatlar nuqtai nazaridan foydali emas.

Nashrda aytilishicha, hozir sanksiya va bosim ostida, uch yarim yil ichida Ukraina Qurolli kuchlarini mag‘lub eta olmagan Rossiya iqtisodiy jihatdan ko‘p tomonlama Xitoyga qaram bo‘lib qolgan. Ammo u g‘alaba qozonsa, hamkorlik shartlarini o‘zgartirishni talab qilishi mumkin, masalan, arzon energiya resurslariga yuqori narxlarni belgilash.

“Abadiy do‘stlik bir kechada yo‘qolib qolmasligi mumkin, ammo bu Xitoyning sabr-toqatini sinab ko‘rishi mumkin bo‘lgan yanada murakkab munosabatlarga olib keladi”, deb yozadi “The Hill”.

Gazetaning yozishicha, Rossiyaning mag‘lubiyati Xitoy uchun ham foydali emas. Bunday ssenariyda Rossiya ichki mojarolar tubiga tushib qolishi mumkin, bu esa Yevrosiyodagi vaziyatni beqarorlashtiradi. Elitalar o‘rtasidagi nizolar muqarrar bo‘lib, ba’zi respublikalar tartibsizlik to‘lqinida mustaqillik e’lon qilishga urinishlari mumkin.

“Ha, Xitoy bu vaziyatda Rossiya Uzoq Sharqining bir qismini anneksiya qilishga urinishi mumkin edi, ammo Rossiyaning yadroviy arsenalini hisobga olsak, bu sotib olishlar o‘ta xavfli bo‘lardi”, deyiladi xabarda.

Shuning uchun, amerikalik jurnalistlar fikricha, Xitoyning yaqqol tanlovi – “Rossiya qon to‘kadigan, ammo mag‘lubiyatga uchramaydigan urush”.

“Natijada, zaiflashgan Moskva Pekinning vassali bo‘lib qoladi”, deya fikr bildirgan nashr jurnalistlari.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ukrainada “Neptun” raketa tizimiga oid ma’lumotlarni o‘g‘irlashga uringan Xitoy josuslari qo‘lga olingandi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Rossiya Xitoy Van I Ukraina urushi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing