Durov Telegram'dagi uzilishlar sababini aytdi
Texnologiya
−
24 fevral 2022 8750 2 daqiqa
Rossiyaning Ukraina sharqiga qo‘shin kiritishi ortidan axborot almashinuvining ko‘payishi sabab Telegram'ning Yevropa klasteri misli ko‘rilmagan yuklamaga duch keldi. Bu haqda Telegram asoschisi Pavel Durov ma’lum qildi.
“Bugungi voqealar sabab Telegram’ning Yevropa klasteri misli ko‘rilmagan yuklamaga duch keldi. Natijada, ayrim foydalanuvchilar Telegram’ning bir qator xizmatlarida vaqti-vaqti bilan qisqa muddatli uzilishlarga duch kelishlari mumkin. Biz bugungi kunda odamlarga o‘z yaqinlari bilan ishonchli muloqotga har qachongidan ham ko‘proq ehtiyoj borligini tushunamiz va xabarlarni jo‘natish va qabul qilish tezligini yuqori darajada ushlab turish uchun qo‘limizdan kelganini qilamiz”, deydi Durov.
Eslatib o‘tamiz, Rossiya Ukrainaga hujumga o‘tganidan keyin Telegram faoliyatida keng ko‘lamli uzilishlar kuzatilmoqda. Ma’lum vaqt mobaynida serverlar faoliyati ham sekinlashdi.
Avvalroq, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari maxsus harbiy operatsiya boshlaganini e’lon qilgandi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
O‘zbekistonning Kiyevdagi elchixonasi harbiy harakatlar boshlanishi ortidan murojaat bilan chiqdi. Unga ko‘ra, diplomatik idora tomonidan evakuatsiya rejasi va Ukraina hududini tark etishni xohlovchi fuqarolar ro‘yxati ishlab chiqilmoqda. Shuningdek, elchixona Ukrainada ta’lim olayotgan o‘zbekistonlik talabalarga o‘qishni o‘z Vatanlarida masofaviy shaklda davom ettirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqishni tavsiya qildi.
Live
Barchasi