Qo‘shnilarimiz qiynalsa, biz chetda qarab turmaymiz – To‘qayev
Olam
−
11 aprel
10613Qozog‘iston xalqaro hamjamiyatning mas’ul a’zosi sifatida ochiq savdo va tovar hamda xizmatlarning erkin harakatlanishi tamoyillariga qat’iy sodiq qoladi. Bu haqda Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev Chimkent shahrida jamoatchilik vakillari bilan uchrashuvda so‘z ochdi.
Qozog‘iston rahbarining ta’kidlashicha, mamlakat barcha hamkorlar bilan o‘zaro ishonch, ochiq muloqot va manfaatlarni hisobga olish asnosida munosabat o‘rnatmoqda.
“Savdo – bu taraqqiyotning harakatlantiruvchi kuchi bo‘lib, u nafaqat alohida davlatlarning, balki butun mintaqalarning farovonligiga xizmat qiladi. Qozog‘iston Sharq va G‘arbni, Shimol va Janubni bog‘lovchi asosiy savdo yo‘llari chorrahasida joylashgan. Bu bizning geografik xususiyatimiz emas, balki tarixiy vazifamiz, desak ham bo‘ladi. Biz taqdir tomonidan berilgan bu strategik ustunlikdan oqilona foydalanishimiz kerak. Shu sababli Qozog‘iston eng muhim xalqaro transport va logistika loyihalarining amalga oshirilishida faol ishtirok etmoqda. Maqsadimiz aniq. Biz taqdir bizni birlashtirgan qo‘shni davlatlar bilan har tomonlama va o‘zaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlashni davom ettiramiz”, deydi Qozog‘iston yetakchisi.
Uning bildirishicha, xalq manfaatlari hamma narsadan ustun. Qozog‘iston tashqi siyosatini ana shu manfaatlarga tayanib, muvozanatli va barqaror tarzda olib bormoqda. Qozoq tilida “Qo‘shnining haqi – Tangrining haqi”, degan naql bor. Mamlakat barcha chegaradosh davlatlar bilan do‘stona munosabatlarni yo‘lga qo‘ygan va bunga alohida e’tibor qaratadi.
“Qo‘shnilarimiz qiynalsa, biz hech qachon chetda turmaymiz. Atrofimizda tinchlik va barqarorlik hukm surishida biz ham manfaatdormiz”, deya ta’kidlagan Prezident.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qosim-Jomart To‘qayev mamlakat Bosh vaziri Oljas Bektenov, Milliy bank raisi Temur Sulaymonov va boshqa mas’ul shaxslar bilan xalqaro bozorlarda energiya resurslari hamda asosiy xomashyo narxlarining tarif mojarolari tufayli keskin pasayib ketganiga bog‘liq iqtisodiy vaziyat yuzasidan uchrashuv o‘tkazgan edi.
LiveBarchasi