Qurilish ishlari noqonuniy olib borilgan – Vazirlik bir odam o‘lgan avariyaga munosabat bildirdi

Jamiyat

image

Joriy yilning 23 iyun kuni Qarshi shahar Islom Karimov ko‘chasidagi “Nasaf Travel” mehmonxonasi binosining o‘ng tomonidan qo‘shimcha qurilayotgan 5 qavatli yangi binoning tom qismidagi tom yopma qurilmasi (beton plita) qulab tushgani haqida xabar bergan edik.

O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi ushbu avariya bo‘yicha rasmiy munosabat bildirdi. 

Unga ko‘ra, Qashqadaryo viloyat Qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasi tomonidan o‘rganish ishlari olib borilganida, “Nasaf-Travel” kompaniyasiga tegishli ushbu ob’ektidagi qurilish ishlari ruyxatga olinmasdan, noqonuniy olib borilgani ma’lum bo‘ldi.

“Buyurtmachi “Nasaf-Travel” kompaniyasi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 18 maydagi “Arxitektura va qurilish sohasida davlat xizmatlari ko‘rsatishning ayrim ma’muriy reglamentlarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 370-son qarorining, 5-ilovasi, ya’ni, “Qurilish-montaj ishlarini boshlash haqida xabarnoma yuborish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti”ga muvofiq, Qashqadaryo viloyat Qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasini xabardor etmagan”, deyiladi vazirlik bayonotida.

Shuningdek, mazkur ob’ekt qurilishi bo‘yicha, Qarshi shahar hokimining 2018 yil 5 iyundagi “Nasaf-Travel” kompaniyasiga tegishli 4566,92 kv.m yer maydonida joylashgan “Mehmonxona va restoran”ni rekonstruksiya qilishga hamda o‘z hududidan yordamchi binolar qurishga ruxsat etish to‘g‘risida”gi qarori bilan, “ob’ekt atrofini toza saqlash, obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlarini doimiy bajarish hamda ob’ektda qurilish-montaj ishlarini amalga oshirish uchun viloyat davlat arxitektura qurilish nazorati inspeksiyasidan ruxsatnoma olish yuklatilgan” bo‘lsada, buyurtmachi “Nasaf-Travel” kompaniyasi tomonidan ushbu talab bajarilmagan.

Inspeksiya tomonidan ushbu ob’ekt qurilishi bo‘yicha (2019 yil 29 noyabrda 30-son va 2020 yil 28 fevralda 141-son ogohlantirish xati) buyurtmachi “Nasaf-Travel” kompaniyasini bir necha bor ogohlantirgan bo‘lishiga qaramasdan, noqonuniy ravishda ob’ektda qurilish-montaj ishlarini davom ettirgan. Va qurilish me’yorlarining qo‘pol ravishda buzilishi natijasida mazkur holat kelib chiqqan. Tadbirkorlik sub’ekti qonunda ko‘rsatilgan erkinliklarni suiste’mol qilgan. Noqonuniy qurilish ishlarini amalga oshirgan.

Eslatib o‘tamiz, qurilish ob’ektida yuz bergan avariyada bir kishi halok bo‘lgan.


Maqola muallifi

Teglar

avariya Qarshi Qurilish

Baholaganlar

101

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing