Qozog‘istonning O‘zbekiston bilan chegaradosh hududida xavfli kasallik tarqalmoqda

Olam

image

Qozog‘istonning Qizilo‘rda viloyatida ikki nafar fuqaro xavfli hasharot bo‘lgan shomil chaqishi oqibatida Qrim-Kongo gemorragik isitmasining qurboni bo‘ldi. Bu haqda “Kazinform” agentligi xabar berdi.

Unda aytilishicha, O‘zbekistonning Navoiy viloyati va Qoraqalpog‘iston Respublikasiga yaqin joyda bo‘lgan Qizilo‘rda viloyati Yangiqo‘rg‘on tumanida 77 yoshli hamda Shiyeli viloyatida yashovchi 51 yoshli fuqaro Qrim-Kongo gemorragik kasallik belgilari bilan kasalxonada yotqizilgan, ammo ular jonlantirish bo‘limida vafot etgan.

Yil boshidan buyon viloyat tibbiyot muassasalariga shomil chaqishi bo‘yicha 600 dan ortiq fuqaro murojaat qilgan. Ulardan 23 nafari Kongo-Qrim gemorragik isitmasi bilan kasalxonaga yotqizilgan. 8 ta holatda tashxis tasdiqlangan.

“Har bir holat qayd etilganda 12 soat ichida shaxsiy hududlar, chorva mollari va hayvonlar dezinfeksiya qilinadi. Barcha aloqada bo‘lgan shaxslar 14 kun davomida shifokor nazoratiga olinadi. Umuman olganda, shomilning eng rivojlanadigan davri may, iyun va iyul oylari hisoblanadi. Shu bois viloyat aholisini ehtiyot bo‘lishga va hasharot chaqqanda darhol shifokorga murojaat qilinishini so‘rab qolamiz”, deydi Qizilo‘rda viloyati sanitariya-epidemiologiya nazorati boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Aliya Abdiqaimova.

Ma’lumot uchun, shomil hasharoti bahor kelishi bilan qish uyqusidan uyg‘onib, o‘zlari uchun oziq-ovqat izlay boshlaydi. Chunki ularda ayni shu paytda ko‘payish va hayot uchun maqbul sharoitlar paydo bo‘ladi. Ko‘pincha shomil uy hayvonlarining mo‘ynalaridan topiladi. Shomilning 100 dan ortiq turlari ma’lum bo‘lib, ayrimlari xavflidir. U chaqishi oqibatida yuqumli kasalliklarga hatto o‘limga ham olib kelishi mumkin.


Maqola muallifi

Teglar

Qozog'iston

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing