Qashqadaryodagi bog‘chada bolaning ustidan qaynoq suv to‘kilib ketdi
3-sahifa
−
10 aprel
21503Qashqadaryo viloyati G‘uzor tumanidagi 4-davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida katta guruh tarbiyalanuvchisi bo‘lgan 6 yoshli bolaning ustidan bog‘cha tarbiyachisi e’tiborsizligi oqibatida qaynoq suv to‘kib yubordi. Suv bolaning peshona chap yonoq sohasi qismiga to‘kilgan. Hodisa bo‘yicha bolaning onasi QALAMPIR.UZ'ga murojaat qildi.
Qayd etilishicha, joriy yil 6 fevral kuni soat 12:00 lar atrofida tarbiyalanuvchilarni tashqaridan ichkariga tushlik vaqtiga saf bilan olib kirilayotganda tarbiyachi Sh.Yu. hamda tarbiyalanuvchi N.M.ning to‘qnashishi oqibatida qaynagan suv bolaning ustiga to‘kilgan. Biroq oradan ikki soat o‘tib, 14:30 da bolaning ota-onasiga xabar qilingan.
Hodisaga aniqlik kiritish maqsadida QALAMPIR.UZ Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi Axborot xizmati rahbari Dilfuza Sobirova bilan bog‘landi. Uning ma’lum qilishicha, mazkur holat davomida DMTT hamshirasi tomonidan darhol birinchi tez tibbiy yordam ko‘rsatilgan. Shundan so‘ng, tarbiyalanuvchining otasi chaqirtirilib, DMTT xodimlari ishtirokida G‘uzor tuman shoshilinch tez tibbiyot birlashmasiga olib borilib zaruriy choralar ko‘rilgan.
Bundan tashqari, tibbiyot birlashmasi kuzatuv va tekshiruv o‘tkazgandan so‘ng bemor va uning ota-onasi ketib qolganini №554 ma’lumotnomada keltirib o‘tgan. Tarbiyalanuvchining tibbiy ko‘riklardan o‘tkazilishi uning sog‘ligini tez tiklashi uchun DMTT mas’ullar tomonidan ham moliyaviy yordam ko‘rsatilgan.
“Hozirda o‘z vazifasiga sovuqqonlik bilan qaragan ta’lim tashkiloti mas’ul xodimlariga ta’sir chorasi qo‘llanilishi yuzasidan yetarli hujjatlar to‘planmoqda”, deyiladi munosabatda.
Vaziyatni o‘rganish davomida biz bog‘cha mudirasi Gulnoz Jumayeva bilan ham bog‘landik. Ma’lum bo‘lishicha, 4-DMTT tarbiyachisiga o‘ziga biriktirilgan bolaga e’tiborsizligi sababli bola kuyib qolgani uchun “hayfsan” intizomiy jazo chorasi qo‘llanilgan. Hozirda bolaning ahvoli ancha yaxshi.
Shuningdek, QALAMPIR.UZ Bolalar ombudsmani Surayyo Rahmonovaga ham aloqaga chiqdi. Uning ma’lum qilishicha, hozirda Bolalar ombudsmani mazkur holatni murojaatchi bilan bog‘langan ravishda o‘rganmoqda. Holat yuzasidan IIB va G‘uzor tumani prokuraturasi tomonidan tekshiruv boshlangan. Bu borada qo‘shimcha ma’lumot beriladi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 1 aprel kuni Buxoroda 1,5 yashar bola bog‘chada tok urishidan vafot etgan edi.
LiveBarchasi