Ijtimoiy reyestrdagi fuqarolar majburan reyestrdan chiqarilomoqda – Bandlik vazirligi
Jamiyat
−
20:59 1285 2 daqiqa
Ijtimoiy reyestrdagi fuqarolarni asossiz yoki majburan reyestrdan chiqarish holatlari kuzatilmoqda. Bu haqda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi matbuot kotibi o‘zining Telegram-kanalida ma’lum qildi.
Uning bildirishicha, reyestrdan chiqarish holatlari fuqarolarning davlat tomonidan kafolatlangan ijtimoiy himoya va ko‘maklardan foydalanish imkoniyatidan mahrum bo‘lishiga olib kelishi mumkin.
“Hech qanday topshiriq xodimning mehnat huquqlarini yoki fuqaroning ijtimoiy himoya huquqlarini cheklash uchun asos bo‘la olmaydi”, deyiladi rasmiy munosabatda.
Qayd etilishicha, murojaatlar o‘rganilib, holatlar tasdiqlangan taqdirda, aybdor mansabdor shaxslarga nisbatan qonunchilikda belgilangan choralar ko‘riladi. Hududlardagi rahbarlarga ham bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan tegishli ogohlantirish yuboriladi.
Ushbu xabar yuzasidan Ijtimoiy himoya agentligi o‘z munosabatini bildirdi.
Bildirilishicha, hududlarda kambag‘allikni qisqartirish, oilalar daromadini oshirish va ularni barqaror daromad manbaiga ega qilish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda. Shu bilan birga, oilani Ijtimoiy reyestrdan chiqarishning o‘zi kambag‘allik qisqarganini anglatmaydi.
“Ijtimoiy reyestrning asosiy maqsadi – ehtiyojmand aholini aniqlash, ularni ijtimoiy himoya bilan qamrab olish va zarur yordam hamda xizmatlarni ko‘rsatishdir. Ehtiyojmand oilalar qancha ko‘p aniqlanib, zarur yordam va xizmatlar bilan qamrab olinsa, ularning ijtimoiy-iqtisodiy holatini yaxshilash imkoniyati shuncha ortadi. Bu esa kambag‘allik darajasini aniqlash bo‘yicha keyingi o‘lchovlarda ijobiy natijalar qayd etilishiga xizmat qilishi mumkin”, deyiladi munosabatda.
Bildirilishicha, shu sababli reyestrdan chiqarish belgilangan reja yoki ko‘rsatkichni bajarish maqsadida emas, balki oilaning ijtimoiy-iqtisodiy holati amalda yaxshilangani va belgilangan mezonlarga javob bergani asosida amalga oshirilishi lozim. Ma’lum bir hududdagi kambag‘allik darajasi esa Jahon banki metodologiyasi asosida belgilangan standartlar bo‘yicha o‘tkaziladigan so‘rovlar natijalari asosida aniqlanadi.
Shuningdek, Ijtimoiy himoya milliy agentligi huzuridagi Ijtimoiy himoya inspeksiyasi tomonidan reyestrdan chiqarilgan oilalar bo‘yicha nazorat ishlari olib borilib, qarorlarning belgilangan mezon va tartiblarga muvofiqligi o‘rganilmoqda.
“Agentlikning pozitsiyasi: asosiy maqsad fuqaroni reyestrdan chiqarish emas, balki oilani haqiqatan ham kambag‘allikdan chiqarish va ehtiyojmand fuqarolarning ijtimoiy himoyaga bo‘lgan huquqlarini ta’minlashdir”, deyiladi munosabatda.
Shu tariqa, agentlik Bandlik vazirligining xabarini rad etmagan va reyestrdan chiqarilgan oilalar bo‘yicha nazorat ishlari olib borilib, qarorlarning belgilangan mezon va tartiblarga muvofiqligi o‘rganilayotganini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 3 sentyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev kambag‘allikni qisqartirish va aholi daromadlarini oshirish bo‘yicha ishlarni yangi bosqichga olib chiqish yuzasidan videoselektor yig‘ilishida hokimlarga topshiriqlar bergandi.