Isroil vaziri G‘azo haqidagi “NAZA” filmi rejissyorlariga keskin tahdid qildi
Olam
−
11:17 2831 3 daqiqa
Isroil Madaniyat vaziri Miki Zoar G‘azodagi ommaviy tinch aholi o‘limi haqidagi isroillik kinoijodkorlar tomonidan ishlangan “NAZA” hujjatli filmi rejissyorlari Yuval Avraham va Reychel Zorni davlatga xiyonatda ayblab, ularni Isroil fuqaroligidan mahrum qilishga chaqirdi. Bu haqda “The Guardian” xabar berdi.
Nashr hamkorligida ishlab chiqarilgan “NAZA” filmi Isroil razvedka xizmatida qo‘llanadigan qisqartma nomi bilan atalgan bo‘lib, u G‘azoga berilgan havo zarbasi oqibatida qancha tinch aholi halok bo‘lishi kutilgani hamda buni qanday amalga oshirilgani haqida so‘zlaydi.
Filmda isroillik rejissyorlar Isroil armiyasi va razvedka xizmatlarida ishlagan 24 nafar ma’lumot beruvchi bilan suhbatlashgan. Ular G‘azoni bombardimon qilishda qo‘llanilgan sun’iy intellektga asoslangan nishonga olish tizimlari va ular oqibatida o‘n minglab tinch aholi halok bo‘lgani haqida ma’lumot bergan.
Filmdagi suhbatlardan birida manba bir nafar HAMAS a’zosini o‘ldirish uchun 500 nafar tinch aholining o‘limiga ruxsat berilganini da’vo qilgan.
80 daqiqalik hujjatli film joriy iyl 12 sentyabr kuni Venetsiya kinofestivalida maxsus hakamlar hay’ati sovriniga sazovor bo‘ldi. Film namoyishidan keyin 25 daqiqalik olqishlar yangragani festival rekordi bo‘lgandi.
Nashrning qayd etishicha, kecha, 13 sentyabr kuni Miki Zoar ijtimoiy tarmoqda rejissyorlarni “dunyodagi antisemitlar olqishini olish uchun o‘z vataniga zarar yetkazishga tayyor” bo‘lganlikda ayblagan.
“Men bu jirkanch ijodkorlarni davlatga xiyonat qilgani uchun Isroil fuqaroligidan mahrum qilishni zudlik bilan boshlayman”, deb yozgan Zoar ijtimoiy tarmoqda.
Shuningdek, Isroilning boshqa vazirlari ham rejissyorlarga qarshi chiqqan. O‘ta o‘ngchi Milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvir ularni «”utun Isroil xalqi uchun sharmandalik va uyat” deb atagan hamda HAMAS ularni “ochiq qo‘llar bilan kutib olishini” aytgan.
Ma’lumot uchun, film rejissyorlari Avraham va Zor 2025 yilda G‘arbiy sohildagi Isroil ko‘chirib keltiruvchilari zo‘ravonligi haqidagi “No Other Land” filmi uchun “Oskar” mukofotiga sazovor bo‘lgan.
Isroilda fuqarolikdan mahrum qilish qonuniy jihatdan mumkin, ammo bu chora kamdan-kam qo‘llanadi. 2022 yilda Oliy sud davlatga “sadoqat”ni namoyon qilmagan, masalan, josuslik yoki davlatga xiyonat qilgan shaxsni fuqarolikdan mahrum qilishi mumkinligini tasdiqlagan.
2023 yilda qonun terrorizmda aybdor deb topilgan shaxslarga nisbatan ham qo‘llanadigan qilib kengaytirilgan. Fuqarolikni bekor qilish uchun mamlakat Ichki ishlar vaziri tegishli so‘rov kiritishi, Adliya vaziri uni ma’qullashi va sudyalar qarorni tasdiqlashi kerak.
Avraham “The Guardian” nashriga bergan intervyusida rejissyorlar “imtiyozlar biz tomonda bo‘lgan tizimda” tavakkal qilayotganini aytgan. Uning ta’kidlashicha, falastinliklar uchun esa ularning uyiga o‘ng qanot tarafdorlari emas, balki AQSH tomonidan moliyalashtiriladigan buldozerlar va qurollar keladi.
U, shuningdek, G‘azodagi falastinlik jurnalist Isroilning yuqori lavozimdagi amaldorlariga qo‘ng‘iroq qilib, ular qilgan ishni amalga oshirishga uringanida, ehtimol o‘ldirilishi mumkinligini aytgan.
Ma’lumot o‘rnida, 2023 yil 7 oktyabrda HAMAS Isroilga hujum qilgan. “Agence France-Presse” agentligining Isroilning rasmiy ma’lumotlariga asoslangan hisob-kitobiga ko‘ra, hujumda 1221 kishi halok bo‘lgan, yana 251 kishi G‘azoga garovga olib ketilgan.
G‘azo Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, shundan keyingi 3 yil davomida Isroilning hududga bergan zarbalari oqibatida 73 mingdan ortiq kishi halok bo‘lgan. Qurbonlarning mutlaq ko‘pchiligi tinch aholi vakillaridir.
Live
Barchasi