Isroil Suriya janubiga hujum qildi
Olam
−
21 iyul 3452 3 daqiqa
Isroil harbiy-havo kuchlarining qiruvchi samolyotlari Suriya janubidagi Suvayda va Daraa viloyatlari chegarasida arab qabilaviy kuchlarining pozitsiyalariga hujum qildi. Bu haqda “Sham” telekanali xabar berdi.
Unga ko‘ra, samolyotlar qurolli to‘qnashuvlar ostida qolgan hududlarni qochqinlar tark etishi uchun nazorat-o‘tkazish punkti va gumanitar koridor mavjud bo‘lgan Bosra al-Harir mintaqasidagi quruqlikdagi nishonlarga hujum qilgan.
Avvalroq telekanal xabar berishicha, Suriya druzlarining radikal yetakchisi Shayx Hikmat al-Hajariy tarafdorlari arab jangarilarini Suvayda ma’muriy markazi shimolidagi Arika va Al-Majdal qishloqlaridan haydab chiqargan. Bunga javoban mahalliy badaviylar qo‘shni hududlardan qo‘shimcha kuch talab qilgan.
Dayr-az-Zor shahridan mamlakat janubiga yo‘l bo‘ylab harakatlanayotgan arab jangarilari kolonnasi Isroil havo hujumlariga uchragan.
Damashq bilan munosabatlarni normallashtirishga qarshi bo‘lgan Shayx al-Hajariy tarafdorlari avvalroq gumanitar yordam jo‘natmasiga hamrohlik qilayotgan hukumat delegatsiyasining viloyatga kirishiga to‘sqinlik qilgan edi.
20 iyulga o‘tar kechasi Ichki ishlar vazirligining Arab Respublikasining o‘tish davri hukumatidagi vakili Nuriddin al-Bobo arab qabila bo‘linmalari Suvayda shahri va uning atrofidan butunlay olib chiqib ketilganini ma’lum qildi.
Bungacha esa Suriyaning o‘tish davri prezidenti Ahmad ash-Shara butun janubiy provinsiyada o‘t ochishni to‘xtatish rejimi joriy etilganini e’lon qilgan edi.
Suriyadagi janglar
13 iyul kuni Suriyaning janubidagi Suvayda viloyatida druzlar va badaviylar o‘rtasida to‘qnashuvlar boshlandi. Mojaroga bir druz savdogarining kaltaklanib, o‘g‘irlab ketilishi sabab bo‘ldi. Bu voqea zo‘ravonlik avj olishiga olib keldi. 14 iyul kuni Suriya hukumati Suvayda shahriga qo‘shin kiritdi.
Shundan so‘ng, mojaroga Isroil ham aralashib, Damashqdagi Suriya harbiy ob’ektlariga havo hujumlari uyushtirdi. 16 iyul kuni Isroil harbiy-havo kuchlari Damashqdagi Prezident saroyi, Bosh shtab va Mudofaa vazirligiga hujum qildi. Shu kuni mahalliy guruhlar vositachiligida Suvaydada yana sulhga erishildi, biroq bunga parallel ravishda Isroil aviatsiyasi poytaxt va Daraa shahriga zarbalar berdi.
Ma’lumot uchun, druzlar o‘ziga xos arab tilida so‘zlashuvchi etno-konfessiyaviy guruh bo‘lib, ularning vakillari Suriya, Livan, Isroil va Iordaniyada yashaydi. Suriyada 700 ming druz istiqomat qiladi, bu ularni kurdlar va alaviylardan keyin mamlakatdagi uchinchi yirik diniy va etnik ozchilik qiladi.
Suriya inson huquqlari observatoriyasining so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, Suvaydadagi zo‘ravonliklarda kamida 718 kishi halok bo‘lgan. Suriyalik inson huquqlari faollari 146 druz jangchisi va 245 tinch aholining o‘limini qayd etgan. Bundan tashqari, Suriya armiyasining 287 askari va 18 badaviy jangchisi, shuningdek, uch badaviy halok bo‘ldi. Qarorgohi Londonda joylashgan Suriya inson huquqlari markazining ma’lum qilishicha, Isroil havo hujumlarida yana 15 nafar suriyalik askar halok bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq AQSHning Turkiyadagi elchisi Tom Barrak Isroil va Suriya AQSH, Turkiya, Iordaniya va davlatlar ko‘magida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishganini ma’lum qilgandi. Suriya muvaqqat prezidenti ma’muriyati ham butun mamlakat bo‘ylab keng qamrovli o‘t ochishni to‘xtatish rejimini e’lon qildi.
Live
Barchasi