Isroil 110 falastinlik asirni ozod qildi

Olam

image

Kecha, 30 yanvar kuni G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi doirasida Isroil qamoqxonalaridan 110 nafar falastinlik mahbus ozod etildi. Bu haqda Isroil rasmiylariga tayanib, “Euro News” xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, ayirboshlash bitimining uchinchi qismi 110 mahbusni ozod qilishni o‘z ichiga olgan. 

“Biz 110 falastinlikdan iborat uchinchi mahbuslar guruhi ozod qilinganini mamnuniyat bilan e’lon qilamiz. Unga umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan 32 nafar, uzoq muddatga ozodlikdan mahrum etilgan 48 nafar va 30 nafar voyaga yetmaganlar kiradi”, deyiladi xabarda. 

Ma’lumot uchun, Isroil, Falastinning HAMAS harakati, AQSH va Qatar vakillari 16 yanvar kuni kechqurun Dohada G‘azo sektorida garovga olinganlarni ozod qilish va o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvni rasman imzolagandi. 19 yanvar kuni kechqurun HAMAS birinchi asirlar guruhini ozod qildi. Ular uch nafar shaxsdan iborat bo‘lgan. Isroil esa 90 falastinlik mahbusni ozod qilgan. 25 yanvar kuni sulh kelishuvining birinchi bosqichi doirasida asir almashishning ikkinchi raundida G‘azo sektorida saqlanayotgan to‘rt nafar isroillik ayol evaziga Isroil qamoqxonalarida saqlanayotgan 200 nafar falastinlik ozod qilindi.

Eslatib o‘tamiz, 30 yanvar kuni Isroil hukumati garovga olingan falastinlik mahbuslarni ozod qilishni qisqa muddatga kechiktirgandi. Dastlab, qarorda isroillik garovga olinganlar xavfsiz chiqib ketishi kafolatlanmaguncha, falastinlik mahbuslar ozod qilinmasligi belgilangandi. Ammo biroz vaqt o‘tgach, HAMAS harakati garovga olingan uch nafar isroillik va besh nafar Tailand fuqarosini G‘azodagi Xalqaro Qizil Xoch qo‘mitasiga topshirgandi. Shundan so‘ng, Isroilning bir qator OAVlari Isroil qamoqxonalaridan ozod etilishi kerak bo‘lgan falastinlik mahbuslar soat 18:00 da ozod qilinishi haqida ma’lum qildi.


Maqola muallifi

Teglar

mahbus Isroil G'azo

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing