Iroq JCH pley-offini keyinga qoldirishni talab qilmoqda

Sport

image

Iroq terma jamoasi bosh murabbiyi Grem Arnold qo‘shni Erondagi mojaro sabab yuzaga kelgan sayohat muammolari tufayli mart oyiga rejalashtirilgan Jahon chempionati pley-off uchrashuvini keyinga qoldirishni talab qilmoqda. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.

Rejaga ko‘ra, joriy yilning 31 mart kuni Iroq terma jamoasi Boliviya va Surinam terma jamoalari o‘rtasidagi o‘yin g‘olibiga qarshi maydonga tushishi kerak. Uchrashuv Meksikaning Monterrey shahrida bo‘lib o‘tishi belgilangan.

Biroq joriy yilning 28 fevral kuni AQSH va Isroil tomonidan Eronga qarshi amalga oshirilgan havo hujumlaridan so‘ng mintaqada keskinlik kuchaydi. Shundan keyin Iroq havo hududi yopildi, bu esa jamoaning safar rejalari bilan bog‘liq muammolarni keltirib chiqardi.

Grem Arnoldning ta’kidlashicha, jamoa mamlakat tarixidagi eng muhim o‘yinlardan biriga puxta tayyorgarlik ko‘rishi kerak.

“So‘nggi 40 yil ichida mamlakatimiz uchun eng muhim o‘yin oldidan bizga eng kuchli tarkib kerak. Iroqliklar futbolni juda yaxshi ko‘radi. Ularning 40 yil davomida Jahon chempionatiga chiqa olmagani, ehtimol, mening bu vazifani qabul qilishimga sabab bo‘lgan. Ammo aeroportlar yopilgani sababli Meksikaga yetib borishning boshqa yo‘lini topishga harakat qilyapmiz”, deydi Arnold.

Uning fikricha, agar FIFA uchrashuvni keyinga qoldirsa, jamoa tayyorgarlik ko‘rish uchun yetarli vaqtga ega bo‘ladi.

Arnold shuningdek, Boliviya va Surinam o‘rtasidagi o‘yin o‘tkazilib, g‘olib jamoa bilan bahsni AQSHda, Jahon chempionati boshlanishidan bir hafta oldin tashkil etish mumkinligini ham taklif qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Eron Iroq Grem Arnol'd

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing