Iroqda 19 mingdan ortiq mahbus, xususan, ISHID a’zolari ozod qilindi
Olam
−
14 may 5183 2 daqiqa
Iroq hukumati 2025 yilning yanvar oyida qabul qilingan keng ko‘lamli amnistiya qonuni doirasida 19 ming 381 nafar mahbusni ozod qildi. Bu haqda bugun, 14 may kuni “Al Jazeera” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, ushbu tashabbusning asosiy maqsadi – aholi sonidan ortib ketgan qamoqxonalar tizimini yengillashtirishdir.
Nashr ma’lumotiga ko‘ra, yanvar-aprel oylarida ozod etilganlar orasida ISHID terrorchilik guruhida ishtirok etganlikda ayblangan shaxslar ham bor. Umuman olganda, yangi qonun ta’sir etgan shaxslar soni 93 597 kishini tashkil qilmoqda.
Qonunga ko‘ra, qurolli guruhlarda ishtirok etganlikda ayblanganlar ishi qayta ko‘rib chiqilishi mumkin, ammo ekstremistik asosda qilingan qotilliklar bundan mustasno.
Shuningdek, agar mahbuslardan iqrorlik qiynoqlar yoki bosim ostida olingan bo‘lsa, ular ishni qayta ko‘rib chiqishni talab qilish huquqiga ega. Qonun loyihasini ayniqsa deputatlar faol qo‘llab-quvvatlagan.
Amnistiyaga tushganlar orasida zo‘ravonliksiz jinoyatlar – poraxo‘rlik, o‘g‘irlik va giyohvandlik bilan bog‘liq jinoyatlarda ayblanganlar ham bor. Hatto ISHID jangarilariga chiqarilgan o‘lim hukmlari ham vaqtincha to‘xtatilgan.
Adliya vaziri Xolid Shvani bergan ma’lumotga ko‘ra, qonun kuchga kirgan paytda mamlakat qamoqxonalarida 65 ming mahbus saqlangan bo‘lib, bu rasmiy sig‘imning ikki barobaridan ham ko‘p edi. Hozirda qamoqxona tizimidagi ortiqcha yuklama 300 foizdan 200 foizga kamaygan. Hukumatning maqsadi – 2026 yilgacha xalqaro standart bo‘yicha 100 foizlik yuklamaga yetishish.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Donald Tramp amerikalik harbiylar Iroqda ISHID terrorchilik tashkilotining qochqin yetakchisini yo‘q qilganini e’lon qilgan edi.