Infantino ustidan FIFA’ga shikoyat qilindi
Sport
−
15:48 572 1 daqiqa
Inson huquqlari bo‘yicha “FairSquare” notijorat tashkiloti FIFA prezidenti Janni Infantino ustidan Etika qo‘mitasiga rasmiy shikoyat yo‘lladi. Hujjatda FIFA prezidenti o‘zining siyosiy betaraflik majburiyatini “qayta-qayta buzgan”ligi aytib o‘tilgan. Bu haqda “Associated Press” xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, shikoyatda FIFA'ning ilk Tinchlik mukofotini AQSH prezidenti Donald Trampga topshirish jarayonini tekshirish talab qilingan. Tashabbuskorlar bir nechta epizodlarni, jumladan Trampning siyosiy dasturini tasdiqlash, Tinchlik mukofotini AQSH prezidentiga taqdim etish va Amerika yetakchisiga qaratilgan maqtovli nutqlarni qoidabuzarlik sifatida baholash mumkinligini ta’kidlagan.
FIFA qoidalariga ko‘ra, qoida va qoidabuzarliklar uchun sanksiyalar ogohlantirish, tanbeh, jarima, qoidalarga rioya qilishni o‘rgatish hamda futbol bilan bog‘liq har qanday faoliyatda ishtirok etishni taqiqlashni o‘z ichiga oladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq FIFA boshqaruv qo‘mitasining sobiq raisi Migel Maduro FIFA prezidenti Janni Infantinoni siyosiy betaraflik tamoyillarini buzganlikda ayblagan edi.
Live
Barchasi