Indoneziyada ikki markaziy osiyolik o‘limga hukm qilinishi mumkin
Olam
−
26 iyun 10180 2 daqiqa
Indoneziyaning Bali orolida ikki nafar Qozog‘iston fuqarosi va bir amerikalik narkotik savdosi bilan bog‘liq jinoyatda gumon qilinib, hibsga olindi. Bu haqda “Orda.kz” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, ikki nafar qozog‘istonlik joriy yilning aprel oyida ushlangan. Tergov versiyasiga ko‘ra, ular 49 grammga yaqin metamfetamin tashiyotgan bo‘lib, bu moddani giyohvand savdosida ishlatish uchun yetkazib bergan. Qozog‘iston fuqarolariga qo‘yilgan ayblovlar o‘lim hukmi bilan jazolanishi mumkin bo‘lgan jinoyatlar toifasiga kiradi.
Hozircha AQSH va Qozog‘iston elchixonalari ushbu holat bo‘yicha izoh bermagan. Qozog‘iston hukumati yuzaga kelgan vaziyat tafsilotlarini aniqlashtirishini bildirmoqda.
Bali narkotiklar bilan kurash xizmati ma’lumotiga ko‘ra, 2025 yilning aprel va may oylarida orolda giyohvand moddalar savdosi bilan bog‘liq 15 ish fosh etilgan, 21 kishi hibsga olingan, shulardan 5 nafari xorijliklar. Ular orasida deyarli 200 gramm “gashish” moddasini tashigan avstraliyalik va 488 gramm marixuana bilan qo‘lga olingan hindistonlik bor.
Shu hafta Bali orolida yana uch nafar britaniyalik fuqaroga qarshi sud jarayoni boshlangan. Ular ham narkotik kontrabandasida ayblanmoqda. Agar ayblov tasdiqlansa, ularga ham o‘lim jazosi qo‘llanishi mumkin.
Indoneziya 2017 yildan beri norasmiy ravishda o‘lim jazolarini ijro etishni to‘xtatgan bo‘lsa-da, o‘lim hukmlari chiqarishda davom etmoqda. Immigratsiya va jazoni ijro etish organlari ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda mamlakatda 90 dan ortiq xorijlik o‘lim jazosini kutmoqda, ularning barchasi giyohvandlik bilan bog‘liq jinoyatlar uchun hukm qilingan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xitoy sudida poraxo‘rlik jinoyati uchun mansabdor shaxs o‘lim jazosiga hukm qilingandi. Uning hukm ijrosi esa ikki yilga kechiktirilgandi.
Live
Barchasi