Ilon Mask “o‘z-o‘zidan o‘suvchi Oy shahri” loyihasini e’lon qildi
Olam
−
09 fevral 2377 2 daqiqa
SpaceX asoschisi, milliarder Ilon Mask Oyda “o‘z-o‘zidan o‘suvchi shahar” qurish tashabbusini e’lon qildi. Bu haqda u bugun, 9 fevral kuni o‘zining X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida ma’lum qildi.
Maskning aytishicha, SpaceX hozircha Marsdan ko‘ra Oyga ko‘proq e’tibor qaratmoqda. Unga ko‘ra, Oy sivilizatsiya kelajagini ta’minlashda tezroq va qulayroq imkoniyatlar yaratadi.
“SpaceX allaqachon Oyda o‘z-o‘zidan o‘suvchi shahar qurishga e’tibor qaratdi, chunki biz bunga 10 yildan kamroq vaqt ichida erishishimiz mumkin, Mars esa 20 yildan ko‘proq vaqt talab qiladi”, deydi Mask.
Rejaga ko‘ra, 2027 yil mart oyida Oyga ekipajsiz qo‘nish amalga oshiriladi. Ushbu missiya orqali “o‘z-o‘zidan o‘suvchi shahar” loyihasiga start beriladi. Mask Oyga uchish imkoniyati har 10 kunda mavjudligini, Marsga esa faqat har 26 oyda uchish mumkinligini bildirgan. Shu sababli, Oy loyihasi Marsga nisbatan tezroq va samaraliroq bo‘lishi kutilmoqda.
Shu bilan birga, global kosmik raqobat ham kuchaymoqda. O‘tgan yili Xitoy olimlari Oy tadqiqotlari doirasida quyosh nuri yordamida ishlaydigan 3D-printer yaratganini e’lon qilgan edi. Mazkur printer Oy tuprog‘ini mustahkam qurilish g‘ishtlariga aylantira oladi. Bu texnologiya Xitoyning Oy bazasi qurish rejasini yanada yaqinlashtirdi.
Bundan tashqari, o‘tgan hafta SpaceX xAI kompaniyasini sotib olib, yangi qo‘shma korxona tuzdi. Ushbu hamkorlik sun’iy intellekt asosidagi innovatsiyalarni tezlashtirishga qaratilgan. Natijada orbitada sun’iy intellekt markazlari tashkil etilishi rejalashtirilmoqda. Bu esa operatsion xarajatlarni kamaytirish, energiya va sovutish bilan bog‘liq muammolarni hal qilishga xizmat qiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Milliy aeronavtika va kosmik tadqiqotlar boshqarmasi (NASA) 2035 yilgacha Oyda barqaror yashash uchun qishloq qurish rejasini e’lon qilgani haqida xabar berilgan edi.
Farangiz Sunnatova
Live
Barchasi