Ikki karra “Oltin to‘p” sohibi Kevin Kigan vafot etdi
Sport
−
21 iyul 1845 2 daqiqa
Ikki karra “Oltin to‘p” sohibi, Angliya terma jamoasining sobiq futbolchisi va murabbiyi Kevin Kigan 75 yoshida vafot etdi. Bu haqda uning oilasi bayonotiga tayanib, “Sky” xabar berdi.
Nashrning yozishicha, joriy yilning 1 iyun kuni Kigan BBC Sport nashriga bergan intervyusida unga to‘rtinchi bosqich saraton tashxisi qo‘yilganini ma’lum qilgan edi.
“Chuqur qayg‘u bilan Kevin Kigan 75 yoshida vafot etganini ma’lum qilamiz. Angliya terma jamoasining sobiq futbolchisi va murabbiyi saraton kasalligiga qarshi kurashdi va hayotining so‘nggi daqiqalarida rafiqasi hamda qizlari bag‘rida bo‘ldi. Oila Kevinga g‘amxo‘rlik qilgan barcha shifokorlar va tibbiyot xodimlariga minnatdorchilik bildiradi”, deyiladi oila bayonotida.
Futbolchilik faoliyati davomida Kigan Angliyada “Liverpul”, “Nyukasl” va “Sautgempton”, Germaniyada “Gamburg”, Avstraliyada esa “Blektaun Siti” klublari sharafini himoya qilgan.
U “Liverpul” bilan uch marta Angliya chempioni bo‘lgan, ikki marta Angliya Superkubogi, ikki marta UEFA Kubogi, shuningdek, bir marta Angliya Kubogi va bir marta Yevropa Kubogini qo‘lga kiritgan. “Gamburg” safida esa Germaniya chempionligi va mamlakat Kubogida g‘olib chiqqan.
Kigan 1978 va 1979 yillarda “Oltin to‘p” sovrinini qo‘lga kiritib, ushbu mukofotni ikki marta yutib olgan yagona angliyalik futbolchi sifatida tarixga kirgan. 2002 yilda u Angliya futbol shon-sharaf zaliga kiritilgan.
Futbolchilik faoliyatini yakunlaganidan so‘ng Kigan murabbiylik qildi. U “Nyukasl”, “Fulhem” va “Manchester Siti” klublari, shuningdek, Angliya milliy terma jamoasini boshqargan.
Live
Barchasi