IIV rahbari “foydasiz” migrantlarni Rossiyadan quvishga chaqirdi

Olam

image

Rossiya Ichki ishlar vaziri Vladimir Kolokolsev mamlakat uchun foydasi yo‘q bo‘lgan migrantlarni chiqarib yuborishni taklif qildi. Bu haqda vazir o‘zining Telegram-kanalida e’lon qilgan videomurojaatida so‘z ochgan. 

Uning aytishicha, ish joyidan ayrilgan, oliy o‘quv yurtlaridan chetlatilgan, barmoq izlarini topshirmagan, rus tilini o‘rganmagan va jamiyatga foyda keltirmayotgan migrantlar mamlakatni tark etishi lozim. 

Kolokolsev ko‘chalar va turarjoy hududlarida noqonuniy migrantlar bo‘lmasligi kerakligini aytgan. Shuningdek, u migrantlar orasida jinoyatchilikka qarshi tizimli choralar ko‘rishga chaqirgan. 

Vazir migratsiya bo‘limlaridagi navbatlarni bartaraf etish zarurligini ham qayd etgan va hujjatlarni o‘z vaqtida, shovqinsiz va tartibli ravishda qabul qilishni taklif qilgan. 

Rossiyada migratsiya siyosatini keskinlashtirishning yangi bosqichi 2024 yilning bahorida boshlangan. Shu yil boshidan boshlab, Ichki ishlar vazirligi nazorati ostidagi shaxslar reyestri ishga tushirilgan bo‘lib, bu bazaga mamlakat hududida noqonuniy bo‘lgan xorijiy fuqarolar kiritiladi. Aprel oyidan boshlab migrant bolalarini maktabga qabul qilishdan avval rus tilini bilish bo‘yicha testdan o‘tkazish tartibi joriy etilgan. Shuningdek, xorijliklarga nisbatan maxsus deportatsiya rejimi, kirishda qoidabuzarliklar uchun jarimalar, noqonuniy migrantlarga xizmat ko‘rsatganlik uchun javobgarlik va istalmagan shaxs maqomi kabi chora-tadbirlar joriy etilgan. 

Rossiyaga asosan MDH mamlakatlaridan migrantlar keladi. 2024 yilda Tojikistondan 128 ming, O‘zbekistondan 107 ming va Qirg‘izistondan 105 ming kishi Rossiyaga kirib kelgan. Migratsiya siyosatidagi bu keskin choralar tufayli qo‘shni davlatlar o‘z fuqarolarining huquqlari buzilayotgani haqida bir necha bor norozilik bildirgan. 2024 yil oktyabr oyida Tojikiston Bosh vaziri Kohir Rasulzoda Rossiyaga kirish taqiqlari va deportatsiyalar ko‘payganini, buning uchun xavfsizlikni ta’minlash kabi umumiy va noaniq sabablar ko‘rsatilayotganini ma’lum qilgan. Aprel oyida Moskvadagi “Bodrost” hammomida o‘tkazilgan antimmigratsion reyddan so‘ng Qirg‘iziston Rossiya elchisiga norozilik notasini topshirgan. Ushbu reydda respublika fuqarolari qo‘lga olingan va Qirg‘iziston tomoni Rossiyani bunday vaziyatlarga yo‘l qo‘ymaslikka chaqirgan.

10 iyun kuni esa O‘zbekiston ham Rossiya hududida o‘zbekistonliklar ustidan o‘tkazilayotgan tekshiruvlar yuzasidan xavotir bildirgan va migrantlarga hurmat bilan munosabatda bo‘lishni talab qilgan. Rossiya tomoni O‘zbekiston elchixonasining notasi asosida bildirilgan ma’lumotlarni diqqat bilan ko‘rib chiqishini ma’lum qilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya migrant Vladimir Kolokol'tsev

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing