Gulistondagi portlash ortidan 3 mansabdor qamoqqa olindi

3-sahifa

image

Avvalroq, joriy yilning 2 dekabr kuni soat 10:50 larda Guliston shahar, Taraqqiyot mahallasi hududida joylashgan “Bek Family Cafe” MCHJga qarashli umumiy ovqatlanish shoxobchasi oshxonasida mavjud bo‘lgan o‘choqqa yong‘in xavfsizligi qoidalariga zid ravishda ulangan 50 litr hajmdagi suyultirilgan propan gazballonidan sizib chiqqan uglevodorod gazi va havo aralashmasining chaqnashi oqibatida portlash yuzaga kelgandi. Mazkur portlashga taalluqli mansabdor shaxslarning 3 nafari protsessual tartibda qamoqqa olindi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.

Qayd etilishicha, jami 29 nafar fuqarolar turli darajadagi kuyish jarohatlari bilan Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Sirdaryo viloyati filialiga yotqizilgan. Olgan tan jarohatlari natijasida 3 nafar fuqaro vafot etgan.

Bemorlardan 5 nafarining ahvoli qoniqarli bo‘lgani sababli tibbiy yordam ko‘rsatilib, uylariga javob berilgan, qolgan bemorlarga malakali tibbiy xizmat ko‘rsatilmoqda.

Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 192¹¹-moddasi (Nodavlat tijorat tashkilotida yoki boshqa nodavlat tashkilotida mansabdor shaxslar tomonidan o‘z vakolatlarini suiiste’mol qilish) 1-qismi, 257-moddasi ( Mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzish) 2-qismi “a,b“ bandlari va 259-moddasi (Yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzish) 2-qismi “a,b“ bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, “Bek Family Cafe” MCHJ mansabdor shaxslarining 3 nafari protsessual tartibda qamoqqa olingan.

Hozirda, Ichki ishlar vazirining o‘rinbosari – IIV huzuridagi Tergov departamenti boshlig‘i Ramazon Ashropov boshchiligida hamkor idoralarning mutaxassislaridan tashkil topgan tergov guruhi tomonidan barcha zaruriy tergov harakatlari amalga oshirilmoqda.

“Tergov jarayoni nazoratga olingan bo‘lib, yakuniga ko‘ra qonuniy qaror qabul qilinishi ta’minlanadi hamda jamoatchilikka axborot beriladi”, deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Gulistondagi portlash qurbonlarining oilalariga 100 mln so‘mdan berilishi ma’lum qilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

portlash Guliston

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing