Gretsiyada ham namoyishlar: 10 minglab aholi bosh ko‘tarib ko‘chaga chiqdi
Olam
−
12:03 2725 2 daqiqa
Gretsiyada minglab o‘quvchi, talaba va o‘qituvchilar ta’lim uchun davlat mablag‘larini ko‘paytirish, maktab sharoitlarini yaxshilash va maoshlarni oshirish talabi bilan namoyishga chiqdi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Qayd etilishicha, kecha, 21 oktyabr kuni Afina markazi va uning atrofida politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, qariyb 10 ming kishi tinch namoyish o‘tkazgan. Mamlakatning boshqa shaharlarida ham mitinglar bo‘lib o‘tgan.
Namoyishchilar sinflardagi o‘quvchilar sonini kamaytirish, ta’lim tizimini yetarli mablag‘ bilan ta’minlash va maktablardagi sharoitlarni yaxshilashni talab qilgan. Ular Fransiya va boshqa Yevropa mamlakatlarida yashash xarajatlarining oshishi hamda ta’lim tizimidagi muammolarga qarshi o‘tkazilayotgan namoyishlarni ham qo‘llab-quvvatlagan.
“Gretsiyadan Fransiyagacha – davlat ta’limi bepul bo‘lishini istaymiz”, deya hayqirgan namoyishchilar.
Ayrim talabalar Afina markazidagi Sintagma maydonida chodirlar tikib, namoyishdan avval tun bo‘yi qolgan.
Norozilik namoyishlari mamlakatda ish haqi, ijara haqi va energiya xarajatlari bilan bog‘liq muammolar kuchaygan bir paytda o‘tkazildi. Gretsiya 2009–2018 yillardagi qarz inqirozidan chiqib ketgan bo‘lsa-da, aholining xarid qobiliyati hamon bosim ostida qolmoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatda o‘rtacha oylik maosh 1 500 yevroni tashkil etadi. Biroq yoshlar, ayniqsa, yirik shaharlarda uy-joy ijarasi qimmatligi sababli moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelmoqda.

Gretsiya ta’lim vaziri Sofiya Zaxaraki namoyishlardan avval talabalar murojaatlarini tinglayotganini bildirgan. Uning aytishicha, talabalar turar joylarini qurish va mavjud infratuzilmani yaxshilash uchun 733 million yevrodan ortiq mablag‘ga teng loyihalar amalga oshirilmoqda.

Namoyishlar vaqtida ayrim boshlang‘ich maktab o‘qituvchilari va shifokorlar ham ish haqi hamda xodimlar yetishmasligiga qarshi ish tashlagan. Bu esa ayrim davlat maktablari va shifoxonalari faoliyatiga ta’sir ko‘rsatgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Portugaliyada uy-joy narxlarining oshishiga qarshi minglab odamlar namoyishga chiqqani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi