Germaniya hozircha Falastinni tan olishni rejalashtirmayapti
Olam
−
28 iyul 1445 2 daqiqa
Germaniya yaqin kelajakda Falastin davlatini tan olishni rejalashtirmayapti. Bu haqda joriy yilning 25 iyul kuni Germaniya hukumatining rasmiy vakili Shtefan Kornelius bayonot berdi.
Korneliusning bildirishicha, Berlin bu qadamni “ikki davlat yechimini amalga oshirish yo‘lida oxirgi bosqichlardan biri” deb ko‘rmoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, faqat ikki davlat tuzish bo‘yicha kelishilgan yechimgina isroilliklar va falastinliklarga barqaror tinchlik va xavfsizlik olib kelishi mumkin.
“Isroil xavfsizligi Germaniya hukumati uchun ustuvor ahamiyatga ega bo‘lgani sababli Berlin yaqin muddatda Falastin davlatini tan olishni rejalashtirmayapti”, deb tushuntirdi Kornelius.
Hukumat vakilining so‘zlariga ko‘ra, Germaniyaning hozirgi ustuvor maqsadi “eng dolzarb masalalarda ancha vaqt oldin pishib yetilgan siljishlarga erishish”, ya’ni G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish, HAMAS tomonidan garovga olinganlarni ozod qilish, harakatni qurolsizlantirish hamda G‘azo sektoridagi tinch aholi uchun yordam ko‘rsatish.
Shuningdek, Germaniya Isroilni “G‘azo sektoridagi falokatli gumanitar vaziyatni zudlik bilan va tubdan yaxshilash” hamda “azob chekayotgan tinch aholiga insonparvarlik yordamini zudlik bilan ko‘rsatish”ga chaqirmoqda.
“G‘arbiy Sohilni anneksiya qilish bo‘yicha boshqa har qanday qadamlar bo‘lmasligi kerak”, deb qo‘shimcha qilgan Kornelius.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Germaniya hukumati bu masalalar bo‘yicha Isroil hukumati va xalqaro hamkorlar bilan doimiy muloqot olib bormoqda.
“Ushbu qadamlar tinch aholining azob-uqubatlariga barham berish uchun mutlaqo zarurdir. Shuningdek, ular ikki davlat yechimi istiqbolini saqlab qolish, demakki, Yaqin Sharqda barqaror tinchlikni ta’minlash uchun ham zarurdir”, deyiladi bayonotda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Buyuk Britaniya Bosh vaziri Kir Starmer mamlakat Falastinni tan olishi mumkinligini aytgandi. Shuningdek, u yaqin ittifoqchilari bilan mintaqada tinchlik o‘rnatish strategiyasi ustida ishlayotganini bildirgan.
Oldinroq esa Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron rasmiy Parij Falastinni davlat sifatida rasman tan olishga tayyorligini aytgandi. Uning aytishicha, ushbu qaror rasman sentyabr oyida BMT Bosh Assambleyasining yangi sessiyasida e’lon qilinadi. Buyuk Britaniyadagi vaziyat esa boshqacha. “Reuters” Leyboristlar partiyasidagi manbaga tayanib, hukumat Isroilni qoralash bo‘yicha keyingi diplomatik qadamlar qo‘ymagani uchun ba’zi partiya a’zolari Starmerdan norozi ekanini yozdi. Agentlik, shuningdek, Falastinning tan olinishi Buyuk Britaniya va AQSH o‘rtasidagi munosabatlarni sezilarli darajada murakkablashtirishi mumkinligini xabar qildi.