G‘azodagi voqealar butun vujudimni larzaga soladi – Pep Gvardiola (video)
Sport
−
10 iyun 8774 2 daqiqa
Kecha, 9 iyun kuni Manchester universitetida o‘tkazilgan tantanali marosimda dunyoning eng nufuzli futbol murabbiylaridan biri, “Manchester Siti” bosh murabbiyi Pep Gvardiola faxriy doktor unvoni bilan taqdirlandi. Universitet rahbariyati Pepning jamiyat, sport va insoniy qadriyatlarga qo‘shgan beqiyos hissasini e’tirof etdi. Ushbu marosimda Gvardiola G‘azodagi vaziyatga to‘xtalib o‘tdi.
Qayd etilishicha, unga unvonni shaxsan universitet direktori Nozir Afzal topshirgan. Bu mukofot Manchester universitetining eng yuqori sharafli unvoni bo‘lib, faqatgina jamoat farovonligi va ijtimoiy adolat yo‘lida sobitlik ko‘rsatgan shaxslarga beriladi.
Marosimda so‘zga chiqqan Gvardiola G‘azoda sodir bo‘layotgan voqealarga chuqur hayajon bilan munosabat bildirgan va samimiy murojaat bilan chiqqan.
“G‘azoda ko‘rayotganlarimiz shu qadar og‘riqli, bu butun tanamni zirqiratadi. Bu faqat siyosat emas, bu insoniyat masalasi. Gap mafkura haqida emas, balki hayotni sevish, hayotni himoya qilish haqida. Bunday muhim pallada sukut saqlash – bu ham xiyonatdir”, degan u.
Shuningdek, Gvardiola G‘azoda o‘layotgan bolalar haqida ham gapirgan.
“Biz 4-5 yoshli bolalarning bombardimonlar ostida yoki ilgari shifoxona bo‘lgan joylarda halok bo‘layotganini ko‘rib turibmiz. Balki, bu borada so‘zlash bizning vazifamiz emasdir, ammo bu davom etsa, navbatdagi o‘sha bola bizning farzandimiz bo‘lishi mumkin. Kechirasiz, lekin bu dahshatli tush boshlanganidan beri har kuni ertalab bolalarim Mariya va Valentinani ko‘rganimda, G‘azodagi chaqaloqlarni eslayman va juda qo‘rqib ketaman”, deydi murabbiy.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Isroil harbiy-dengiz kuchlari G‘azo sektoriga ketayotgan “Madlin” kemasini bortida gumanitar yordam va faollarni, jumladan, shvetsiyalik ekologik faol Greta Tunbergni tutib olgani xabar qilingandi. Kema harbiylar nazorati ostida Isroil qirg‘oqlariga jo‘natilgan, uning yo‘lovchilariga zarar yetmagan.
Live
BarchasiPutin Imomali Rahmonga ta’ziya bildirdi.
22 dekabr