Isroil G‘azoga ketayotgan yordam kemasini tutib oldi
Olam
−
09 iyun 2025 5895 3 daqiqa
Isroil harbiy-dengiz kuchlari G‘azo sektoriga ketayotgan “Madlin” kemasini bortida gumanitar yordam va faollarni, jumladan, shvetsiyalik ekologik faol Greta Tunbergni tutib oldi. Kema harbiylar nazorati ostida Isroil qirg‘oqlariga jo‘natilgan, uning yo‘lovchilariga zarar yetmagan Bu haqda Isroil Tashqi ishlar vazirligi bugun, 9 iyunga o‘tar kechasi X ijtimoiy tarmog‘ida ma’lum qildi.
TIV bayonotiga ko‘ra, “Madlin” yo‘lovchilari o‘z vatanlariga qaytadi, bortdagi gumanitar yordam esa “haqiqiy gumanitar kanallar” orqali G‘azo sektoriga jo‘natiladi. Biroq Isroil vakillari dengiz blokadasini buzishga uringan kemaning o‘zi bilan nima sodir bo‘lishiga aniqlik kiritmadi.

Avvalroq Isroil Mudofaa vaziri Isroil Kats “Madlin”ning Falastin hududi qirg‘oqlariga yetib borishiga yo‘l qo‘ymaslik haqida buyruq bergan edi.
“Antisemit Greta va uning hamrohlari, HAMAS targ‘ibotining og‘izlariga aniq aytaman: orqaga qaytinglar, G‘azoga yetib bormaysizlar”, deyiladi vazirlik idorasi bayonotida.
“Madlin” kemasining G‘azo sektoriga jo‘natilishini tashkil qilgan Ozodlik flotiliyasi koalitsiyasi o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida kema “xalqaro suvlarda hujumga uchraganini” yozdi.
“Kvadrokopterlar kemani o‘rab olishdi va unga oq tirnash xususiyati beruvchi moddani sepishdi. Aloqa uzilgan, radioda xavotirli tovushlar yangragan. Keyin kemaga o‘tirildi”, deya xabar berdi faollar.
Biroq Isroil harbiy-dengiz kuchlari tomonidan kema bortida suratga olingan videolarda maxsus vositalardan foydalanishning ko‘zga ko‘ringan oqibatlari ko‘rsatilmagan. Ozodlik flotiliyasi keyinchalik kema ekipaji hibsga olingani va yuk musodara qilinganini tasdiqladi.
Shu bilan birga, faollar vakili Xuvaydo Arraf Isroilning xatti-harakatlari xalqaro huquq normalariga zid ekanligini, chunki ular Xalqaro sudning G‘azo sektoriga gumanitar yordamning to‘siqsiz yetib borishi haqidagi avvalgi qaroriga zid ekanligini ta’kidladi. Faollar e’lon qilingan videolarda hibsga olinishini odam o‘g‘irlash deb ta’riflagan.
Ma’lumot uchun, “Madlin” 1 iyun kuni Sitsiliyadagi Kataniya portidan G‘azo sektoriga yo‘l oldi. Bortda o‘nga yaqin odam, jumladan, Tunberg va Yevroparlament deputati Rima Hassan bo‘lgan.
Ozodlik flotiliyasi may oyi boshida ham allaqachon Vijdon kemasidan foydalanib, Yevropadan G‘azo sektoriga missiya jo‘natmoqchi bo‘lgan edi. Biroq Tunberg missiyaga qo‘shilishi kerak bo‘lgan Malta qirg‘oqlari yaqinida kemada yong‘in sodir bo‘ldi.
Kema tunda uchuvchisiz samolyotlar tomonidan hujumga uchraganini bildirgan faollar voqeada Isroilni ayblagan.
Ozodlik flotiliyasi nodavlat tashkiloti 2010 yilda tashkil etilgan bo‘lib, tashkilotning rasmiy maqsadi G‘azo sektoriga gumanitar yuklarni yetkazib berishdir. Ozodlik flotiliyasining 2010 yil may oyida G‘azo sektori qirg‘oqlariga suzib borishga birinchi urinishi ayniqsa yaxshi ma’lum. Isroil harbiy-dengiz kuchlari faollar bilan oltita kemani tutib olgan, biroq ulardan birida qarshilikka duch kelgan. To‘qnashuvda 9 nafar faol halok bo‘lgan – ularning barchasi Turkiya fuqarolari edi. 30 yo‘lovchi va 10 dan ortiq isroillik askarlar jarohatlangan. Bu voqea xalqaro hamjamiyatning Isroilni tanqid qilishiga va dengiz blokadasining qonuniyligi haqidagi savollarga sabab bo‘ldi.
Live
Barchasi