G‘azoda oziq-ovqat zaxiralari tugash arafasida – BMT
Olam
−
17 Oktabr
1517Birlashgan Millatlar Tashkilotining Falastin hududlaridagi Jahon oziq-ovqat dasturi direktori Antuan Renar tashkilotning G‘azo sektori shimolidagi yuz minglab odamlar uchun oziq-ovqat zaxiralari bir yarim hafta ichida tugashi haqida ogohlantirdi. Bu haqda u “Financial Times” nashriga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Renarning ma’lum qilishicha, agar Isroil darhol gumanitar yordam hajmini sezilarli darajada oshirishga ruxsat bermasa, ikki hafta ichida tashkilot G‘azo shimolidagi odamlarga issiq taom yetkazib bera olmaydi, bir hafta ichida esa non tugab qolishi mumkin.
“Urush boshlanganidan bir yil o‘tib, biz hali ham kundalik operatsiyalarni amalga oshirish zaruratiga duch kelmoqdamiz. Bu mutlaqo chidab bo‘lmas holatdir”, deydi u.
Isroil doimiy ravishda G‘azo sektoriga yordam yetkazib berishni cheklayotganini inkor etib keladi. Kecha, 16 oktyabr kuni esa Isroil hukumati Iordaniya tomonidan taqdim etilgan oziq-ovqat, suv va tibbiy anjomlar ortilgan 50 ta yuk mashinasi G‘azo shimoliga yetib kelganini ma’lum qilgan.
Biroq Jahon oziq-ovqat dasturi direktori ushbu hajmlar yetarli emasligini va ular atigi 12 yuk mashinasi miqdoridagi bug‘doy unini olganini, bu esa faqatgina odamlarning bir qismini oziqlantirish uchun yetishini ta’kidlagan.
“Hozirgi ochlik avvalgisidan ham yomonroq. Bugun hech narsa qolmagan… Yerda o‘sadigan yegulik yo‘q, konserva mahsulotlari esa juda qimmat, hatto mavjud bo‘lsa ham, ularni sotib olish uchun cheksiz pul kerak”, deydi Jabaliya shahridagi to‘rt farzandning otasi, advokat Ibrohim al-Harabishiy.
Uning so‘zlariga ko‘ra, G‘azo aholisida bug‘doy uni bor, lekin non yo‘q. Chunki ular pechni yoqish uchun o‘tin yig‘ishdan qo‘rqadi.
BMT ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda G‘azo sektorida taxminan 1,4 million kishi suv va oziq-ovqat yetishmasligidan aziyat chekmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH agar G‘azo sektoridagi gumanitar inqiroz noyabr o‘rtalariga qadar hal qilinmasa, Isroilga qurol yetkazib berishni to‘xtatishini ma’lum qilgan edi.
LiveBarchasi