G‘arbliklar Uchinchi jahon urushi boshlanishiga ishonmoqda – OAV
Olam
−
14 fevral 13520 2 daqiqa
G‘arb mamlakatlarida yashovchilar Uchinchi jahon urushining boshlanish ehtimoli yuqori ekaniga ishonmoqda. Bu haqda Public First kompaniyasining so‘nggi tadqiqotiga tayanib, “Politico” nashri xabar berdi.
So‘rovga ko‘ra, AQSH, Kanada, Fransiya va Buyuk Britaniya aholisi orasida keyingi besh yil ichida Uchinchi jahon urushi boshlanishi mumkin, degan fikr keng tarqalgan. Ayniqsa AQSH (46 foiz) va Buyuk Britaniyada (43 foiz) xavotir yuqori. Germaniya aholisi esa yaqin yillarda global urush ehtimoliga nisbatan ancha shubha bilan qaramoqda.
Tadqiqot 6–9 fevral kunlari onlayn tarzda o‘tkazilgan bo‘lib, unda jami 10 289 kishi, har bir mamlakatdan kamida 2 ming respondent ishtirok etgan. Public First jamoatchilik fikri bo‘limi rahbari Seb Raydning aytishicha, bir yil ichida G‘arb jamoatchiligi fikrining keskin o‘zgarishi dunyo xavfsizligining beqarorlashganini aks ettiradi.
Buyuk Britaniyada 2025 yilning mart oyida 30 foiz respondent yangi jahon urushini ehtimolli deb hisoblagan bo‘lsa, hozir bu ko‘rsatkich 43 foizga yetgan. AQSHda esa bu raqam 38 foizdan 46 foizga oshgan. Shuningdek, AQSH, Buyuk Britaniya, Fransiya va Kanadadagi respondentlarning kamida uchdan bir qismi yaqin besh yil ichida urushda yadroviy qurol qo‘llanishi ehtimolini “ehtimolli” yoki “juda ehtimolli” deb baholagan.
Xavotirlar Rossiya–Ukraina mojarosi, shuningdek AQSHning Prezident Donald Tramp davridagi Eron, Suriya, Venesuela va Afrikadagi harbiy harakatlari bilan bog‘lanmoqda. So‘rov natijalariga ko‘ra, Yevropada Rossiya tinchlik uchun asosiy tahdid sifatida ko‘riladi. Kanadaliklar esa eng katta xavfni AQSHdan deb hisoblaydi. Fransiya, Germaniya va Buyuk Britaniyada AQSH ikkinchi, Xitoy esa uchinchi tahdid sifatida qayd etilgan.
Fransiya, Germaniya, Buyuk Britaniya va Kanadada saylovchilarning aksariyati mudofaa xarajatlarini oshirish kerak deb hisoblaydi.
Yevropa Ittifoqining yagona qo‘mondonlik ostidagi doimiy armiyasini tuzish g‘oyasi ham keng qo‘llab-quvvatlanmagan: Germaniyada 22 foiz, Fransiyada 17 foiz respondent bu tashabbusni ma’qullagan. Majburiy harbiy xizmat esa eng ko‘p Germaniya va Fransiyada qo‘llab-quvvatlangan – respondentlarning qariyb yarmi bu fikrni yoqlagan.
Seb Raydning ta’kidlashicha, urush xavfi ortayotgani rahbarlarga mudofaa xarajatlari uchun cheksiz vakolat bermaydi. 2025 yilda ham fransuzlarning 40 foizi va nemislarning 37 foizi mudofaa byudjetini murosalar evaziga oshirishni ma’qullagan, qolganlari esa bunga qarshi bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Donald Tramp Ukraina mojarosini tartibga solish kontekstida Uchinchi jahon urushiga olib kelishi mumkin bo‘lgan o‘yinlar haqida ogohlantirgandi.
Live
Barchasi