Fransiya Zidan qo‘l ostidagi ilk o‘yinda g‘alaba qozondi
Sport
−
09:59 408 2 daqiqa
Kecha, 25 sentyabr kuni Fransiya terma jamoasi 2026-2027 yilgi Millatlar ligasining birinchi turi doirasida Turkiya ustidan safar qildi. Zinedin Zidanning bosh murabbiyligidagi ilk o‘yin fransuzlarning kichik 1:0 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi.
Uchrashuvdagi yagona golni Kilian Mbappe 54-daqiqada kiritdi. Goldan so‘ng hujumchi tizzasidagi muammo sabab maydonni tark etdi. 87-daqiqada esa Turkiya terma jamoasi darvozaboni Ug‘urjan Chakir qizil kartochka oldi.
Mazkur bahs Zinedin Zidan uchun Fransiya terma jamoasi bosh murabbiyi sifatidagi ilk uchrashuv bo‘ldi. U joriy yilning iyul oyida jamoani 14 yil davomida boshqargan Dide Desham o‘rnini egallagandi.
Zidan bunga qadar “Real Madrid”ni 2016-2018 hamda 2019-2021 yillarda boshqargan. Uning qo‘l ostida madridliklar uch marta Chempionlar ligasida, ikki marta Ispaniya chempionatida va ikki marta Ispaniya Superkubogida g‘olib chiqqan.
Futbolchilik faoliyati davomida Zidan “Kann”, “Bordo”, “Yuventus” va “Real Madrid” klublarida to‘p surgan. U Fransiya terma jamoasi bilan 1998 yilgi Jahon chempionatida g‘olib chiqqan, 2006 yilgi mundialda kumush medal sohibi bo‘lgan. Shuningdek, 2000 yilgi Yevropa chempionatida ham chempionlikni qo‘lga kiritgan.
Ma’lumot uchun, Fransiya va Turkiya terma jamoalari A ligasining 1-guruhida Italiya hamda Belgiya bilan birga ishtirok etmoqda. Keyingi turda Fransiya safarda Belgiyaga qarshi o‘ynasa, Turkiya o‘z maydonida Italiyani qabul qiladi. Uchrashuvlar joriy yilning 28 sentyabr kuni o‘tkaziladi.
Live
Barchasi