Ertaga BMTda yangi Bosh kotiblik uchun norasmiy saylov boshlanadi

Olam

image

BMT Xavfsizlik kengashi 31 iyul kuni tashkilotning navbatdagi Bosh kotibini aniqlash jarayoni doirasida ilk norasmiy yopiq ovoz berishni o‘tkazadi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.

Ovoz berishda hozircha 7 nafar nomzod ishtirok etmoqda. Ular Argentina, Chili, Kosta-Rika, Ekvador, Gayana, Senegal va Uganda vakillari bo‘lib, yil oxirida ikkinchi besh yillik muddatini yakunlaydigan Portugaliyalik Antoniu Guterrishning o‘rnini egallashga da’vogarlik qilmoqda.

Guterrishning vorisi byurokratik tizimni isloh qilish, xarajatlarni qisqartirish, BMT agentliklari faoliyatidagi takrorlanishlarni bartaraf etish hamda nufuzi pasayib borayotgan tashkilot faoliyatini qayta jonlantirish vazifasiga duch keladi.

Qayd etilishicha, norasmiy ovoz berish jarayonida Xavfsizlik kengashining 15 a’zosi har bir nomzod bo‘yicha “qo‘llab-quvvatlayman”, “qo‘llab-quvvatlamayman” yoki “fikrim yo‘q” degan uch variantdan birini tanlaydi. Ovoz berish yashirin tarzda o‘tkaziladi va unda faqat Kengash a’zolari ishtirok etadi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, hozircha aniq favorit mavjud emas. Avvalgi tajribaga ko‘ra, bir necha bosqichli ovoz berish yoz davomida o‘tishi va sentyabr oxiri yoki oktyabr boshida yakunlanishi mumkin. Agar yagona nomzod bo‘yicha kelishuvga erishilmasa, jarayon yanada cho‘zilishi ehtimoldan xoli emas.

Hozirgi nomzodlar qatoriga BMTning Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentligi rahbari Rafael Grossi (Argentina), Chilining sobiq prezidenti Mishel Bachelet, Kosta-Rikaning sobiq vitse-prezidenti Rebeka Grinspan, Ekvadorning sobiq tashqi ishlar vaziri Mariya Fernanda Espinosa, Gayananing sobiq tashqi ishlar vaziri Karolin Rodriges-Birkett, Senegalning sobiq prezidenti Makki Sall hamda o‘tgan hafta nomzodini qo‘ygan ugandalik diplomat Olara Otunnu kiradi.

Boshqa nomzodlar ham keyinchalik saylovga qo‘shilishi mumkin. Dastlabki bosqichlarda barcha byulletenlar bir xil bo‘ladi va qaysi davlat nomzodga qarshi ovoz bergani oshkor etilmaydi. Keyingi bosqichlarda esa Xavfsizlik kengashining veto huquqiga ega besh doimiy a’zosi – Xitoy, Fransiya, Rossiya, Buyuk Britaniya va AQSH – boshqa rangdagi byulletenlardan foydalanadi. Bu esa nomzodga ulardan biri tomonidan salbiy baho berilgan-berilmaganini ko‘rsatadi.

Yakunda Xavfsizlik kengashi BMT Bosh Assambleyasiga Bosh kotibni tayinlash bo‘yicha tavsiya etuvchi rezolyutsiya qabul qiladi. Buning uchun kamida to‘qqizta ovoz va doimiy a’zolarning hech biri tomonidan veto qo‘yilmasligi talab etiladi. Keyin esa nomzod Bosh Assambleya tasdig‘idan o‘tadi.

Xavfsizlik kengashiga ayni paytda Kongo Demokratik Respublikasi raislik qilmoqda. Mamlakatning BMTdagi doimiy vakili Zenon Mukongo Ngay ilk norasmiy ovoz berish ertaga, 30 iyul kuni ertalab bo‘lib o‘tishini tasdiqlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Olara Otunnu boshqa nomzodlar kabi norasmiy eshituvlarda ishtirok etmagan bo‘lsa-da, birinchi ovoz berishda qatnashadi.

Otunnuning tarjimai holida qayd etilishicha, u 1981 yilda Xavfsizlik kengashiga raislik qilgan vaqtda BMT Bosh kotibini tanlash uchun qo‘llaniladigan norasmiy “straw poll” ovoz berish tizimini joriy etgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xalkaro huquq normalari birin ketin poymol qilinayotgan bir vaqtda BMT Bosh Assambleyasi 2028 yilni Xalqaro huquq yili deb e’lon qilish to‘g‘risidagi rezolyutsiyani qabul qilgandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing