“Eronliklar bizni qirib tashlash uchun intilgan”. Isroil elchisi Eronni aybladi
Olam
−
27 mart 4293 3 daqiqa
Bir necha yillardirki Yaqin Sharqda boshlangan notinchliklar hamon arigani yo‘q va bu mojarolar markazida doimo Isroil tilga olinadi. Bular bir kunda bo‘lib qolgan hodisalar emas, ushbu jarayonlarni to‘planib kelishiga asosiy sabablar nima bo‘lgani, Eron Islom Respublikasi tashkil topishidan avval ham mintaqada Isroil bilan mojarolar sodir bo‘lib kelgani haqidagi savolga Isroil Davlatining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Gideon Lustig javob berdi.
Elchining qayd etishicha, Eron Isroilga qarshi bevosita va turli proksilar orqali ko‘plab hujumlar ortida turibdi. Ular yillar davomida “HAMASni qo‘llab-quvvatlab, ularga pul va qurol berib, ularni o‘qitib kelgan”. Ular Livanda 80-yillarda “Hizbulloh” tashkil etilganidan beri uni qo‘llab-quvvatlab kelmoqda.
“Buning asosiy sababi – kerak deb hisoblagan paytlarida Isroilga hujum qilish. Ular Yamandagi husiylarga raketalar va imkoniyatlar berib kelishgan. Eron mintaqadagi hujumlar va terrorchilik faoliyatlarining 90 foizdan ortig‘ining manbai hisoblanadi. Ular ko‘p yillar davomida Isroilga qarshi urush olib borishdi. Siz aytganingizdek, bu birgina qisqa davr emas. Shuning uchun bizning hozirgi operatsiyamiz – bu tahdidni doimiy ravishda olib tashlash, uni bir yo‘la hal qilishga qaratilgan harakatdir”, deydi diplomat.
Qolaversa, Isroil elchisi tomonidan Eronda Oyatulloh rejimi hokimiyatga kelganida, ular Isroilni yo‘q qilishga qasam ichishgani, har bir minbarda “Amerikaga o‘lim”, “Isroilga o‘lim”, deb hayqirishgani bildirildi.
“Va ular bizga qarshi kurashish va o‘z proksilarini rivojlantirish uchun qo‘llaridan kelgan hamma narsani qilishdi. Ushbu rejim “Hizbulloh”ni moliyalashtirish bilan paydo bo‘ldi. “Hizbulloh” Oyatulloh rejimi hokimiyatga kelganidan keyin tashkil etilgan, chunki u Oyatulloh rejimining vositasidir. Husiylar ham xuddi shunday. Demak, Eron rejimi hokimiyatga kelganidan beri ular butun dunyo bo‘ylab urush olib borishmoqda. Yaqinda Argentina hukumati 1990 yillarda Isroil elchixonasi va yahudiy jamoat markazlariga qilingan hujumlar Eron rejimi tomonidan amalga oshirilganini aytdi. Bunga Ali Xomanaiy mas’ul bo‘lgan. Shunday qilib, ular faqat bizni yo‘q qilish kerakligini aytishmoqda. Endi diqqat bilan eshiting. Siz davlat sifatida nima qilgan bo‘lardingiz? Agar kimdir O‘zbekistonni yillar davomida yo‘q qilishga chaqirsa, uni vayron qilishga va’da bersa, O‘zbekiston davlat sifatida nima qilgan bo‘lardi? Siz ularga ishonarmidingiz?”, deydi u.
Gideon Lustig eronliklar Isroilni yo‘q qilish, qirib tashlash uchun yadro quroli va uzoq masofali raketalarni ishlab chiqarishga intilganiga ishonishini urg‘uladi. Bundan tashqari, Isroil buning sodir bo‘lishiga yo‘l qo‘ya olmasligi, fuqarolarni himoya qilishini bildirdi.
Ushbu intervyuni to‘liq shaklda yuqoridagi videopleyerda yoki QALAMPIR.UZ’ning YouTube-kanalida tomosha qilishingiz mumkin.
Live
BarchasiTurkiyada F-16 halokatga uchradi
12 avgust