60 kunlik muhlat: Yaqin Sharq tinchlikka erishadimi?

Tahlil

17 iyun Fransiya mezbonligida bo‘lib o‘tgan G7 sammiti doirasida AQSH va Eron o‘rtasida Hormuz bo‘g‘ozini ochishni va o‘zaro harbiy harakatlarni yakunlashni nazarda tutuvchi 14 banddan iborat Anglashuv memorandumi imzolandi. Bir qarashda yonilg‘i bozorlarini “bo‘g‘ayotgan” Yaqin Sharqdagi urush va nihoyat tugagandek. Ammo vaziyatga real ko‘z bilan qarab, shuni aytish mumkinki, Eron hech qachon kechirmaydi.

Muzokaralar davom etmoqda. Xalqaro OAVlari berayotgan ma’lumotlarga ko‘ra, Qatar va Pokiston vositachiligida davom etayotgan Shveysariyadagi muhokamalar silliq ketmayotgan bo‘lsa-da, mutlaq muvaffaqiyatsiz ham deb bo‘lmaydi. Kelgusi 60 kun ichida tomonlar barcha masalalarni kelishib olishi va bir necha yilga bo‘lsa-da, tin olishlaridan umid qilamiz. Ammo Isroil hukumati kelishuvlarda qatnashmas ekan, o‘rtada haqiqiy sulh bo‘lishi qiyin.

 Jenevada ishlar qanday kechdi?

Kechagina bir-biriga raketa yog‘dirib charchamagan AQSH va Eron, endi cho‘zilib ketgan urushni yakunlash uchun diplomatik yechim izlamoqda. Asosiy masalalar Yaqin Sharqdagi xavfsizlik, Livandagi vaziyat, Hormuz bo‘g‘ozining taqdiri, uzoq yillik sanksiyalar va barcha mojarolarning ildizi – yadro dasturi ekani doim takrorlanyapti.

AQSH vitse-prezidenti Jey Di Vens Shveysariyaga tashrif buyurib, Eron vakillari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri uchrashuvlar o‘tkazdi. Vensning ta’kidlashicha, muzokaralarda “katta siljish” bor va Vashington Eron bilan munosabatlarni “tubdan o‘zgartirish” imkoniyatini ko‘rayotganini bildirgan.

Ammo Vens vaziyatni yumshatish uchun “jon kuydirayotgan” bir paytda, AQSH Prezidenti Donald Tramp keskin tahdidli bayonot bilan chiqdi.

“Eron Livandagi o‘zining katta maosh oluvchi proksilari, ya’ni yollanma kuchlari muammo keltirib chiqarishini zudlik bilan oldini olishi kerak. Agar buni qilmasa, biz Eronga xuddi o‘tgan haftadagidek, faqat undan ham kuchliroq qilib, yana juda og‘ir zarba beramiz!”, degan AQSH rahbari.

Eron tomoni AQSH Prezidentining tahdidkor bayonotlarini qabul qilib bo‘lmasligini bildirgan va muzokaralar joyini tark etgandi. Tehron rasmiylari diplomatiya bosim va tahdidlar ostida emas, teng huquqli muloqot asosida olib borilishi kerakligini ta’kidlagan. Eron parlamenti spikeri Muhammad Boqir G‘olibof AQSHni bayonotlarida ehtiyotkor bo‘lishga chaqirgan. Uning ta’kidlashicha, Eron armiyasi har qanday tahdidga boshqacha javob qaytarishga tayyor.

“Ular tahdidlarining samarali bo‘lganida, bugungi darajadagi umidsizlikka tushib qolmasligini tushunmayaptimi? Biz amerikaliklarning tahdidlarini jiddiy qabul qilmaymiz”, dedi G‘olibof.

Shunga qaramay, vositachilar sa’y-harakatlari natijasida tomonlar yana muzokara stoliga qaytdi. Uchrashuvning dastlabki raund yakuniga ko‘ra, delegatsiyalar muloqotni davom ettirishga tayyor. Tomonlar kelgusi 60 kun ichida yakuniy tinchlik kelishuviga erishish bo‘yicha yo‘l xaritasini kelishib olgan.

Tasnim” agentligining qayd etishicha, Trampning bayonotlari AQSH va Eron o‘rtasidagi o‘zaro anglashuv memorandumining birinchi bandiga zid. Ushbu bandda tomonlar bir-biriga nisbatan tahdidlardan tiyilish majburiyatini olgan, ammo qahramonimiz janob Trampga buning ahamiyati yo‘q shekilli, bir kun tinchlik haqida gapirsa, ertasi kuni hujum qilish bilan tahdid qiladi.

 14 band

AQSH va Eron o‘rtasida imzolangan memorandum 14 banddan iborat bo‘lib, ko‘rib chiqilishi zarur bo‘lgan eng muhim masalalarni o‘z ichiga olgan.

Memorandumning birinchi bandi eng muhim masala – “barcha jabhalarda” urushni to‘xtatish shartidan boshlanadi. Unda AQSH va Eron hamda ularning ittifoqchilari barcha frontlarda, jumladan Livanda harbiy operatsiyalarni darhol va doimiy ravishda to‘xtatishi belgilangan. Tomonlar bir-biriga qarshi kuch ishlatmaslik va tahdid qilmaslik majburiyatini oladi. Shuningdek, Livanning hududiy yaxlitligi va suverenitetini hurmat qilish ham alohida qayd etilgan.

Ikkinchi bandda davlatlar bir-birining suvereniteti va hududiy yaxlitligini tan olishi, ichki ishlariga aralashmasligi ko‘zda tutilgan. Bu AQSHning Eron ichki siyosatiga ta’sir o‘tkazishga urinishlari va Tehronning mintaqadagi ta’sir doirasi bo‘yicha uzoq yillik bahslarni yumshatishga qaratilgan.

Uchinchi bandga ko‘ra, tomonlar 60 kun ichida yakuniy kelishuv ishlab chiqishga harakat qiladi. Zarurat tug‘ilganda bu muddat o‘zaro rozilik asosida uzaytirilishi mumkin. 21 iyun kuni bo‘lib o‘tgan muzokaralarda ham aynan shunga kelishib olindi.

To‘rtinchi va beshinchi bandlar Hormuz bo‘g‘ozi bilan bog‘liq. AQSH Eron atrofidagi dengiz blokadasini bosqichma-bosqich bekor qiladi va yakuniy bitimdan keyin o‘z kuchlarini mintaqadan olib chiqib ketadi. Eron esa tijoriy kemalarning xavfsiz harakatlanishini ta’minlaydi, bo‘g‘ozni minalardan tozalaydi hamda kelajakda uning boshqaruvi bo‘yicha Ummon va Fors ko‘rfazi davlatlari bilan muzokaralar olib boradi.

Oltinchi band Eron iqtisodiyotini tiklashga bag‘ishlangan. Unga ko‘ra, kamida 300 milliard dollarlik rekonstruksiya va iqtisodiy rivojlanish dasturi ishlab chiqiladi. Mablag‘larning asosiy qismi AQSH tomonidan emas, balki mintaqadagi hamkor davlatlar ishtirokida shakllantirilishi rejalashtirilgan.

Yettinchi band sanksiyalarga bag‘ishlangan. AQSH Eronning asosiy talablaridan biri bo‘lgan iqtisodiy cheklovlarni bekor qilishga rozilik bildiradi. Hujjatda BMT, MAGATE va AQSHning bir tomonlama sanksiyalarini bosqichma-bosqich tugatish masalasi nazarda tutilgan. Biroq sanksiyalarni olib tashlashning aniq mexanizmlari yakuniy muzokaralarda belgilanishi kerak.

Sakkizinchi band yadro dasturiga oid. Eron yadroviy qurol yaratmaslik majburiyatini yana bir bor tasdiqlaydi. Shu bilan birga, boyitilgan uran zaxiralarining taqdiri bo‘yicha alohida mexanizm ishlab chiqiladi. Hujjatda uranni xorijga olib chiqish emas, balki MAGATE nazorati ostida uning boyitilish darajasini pasaytirish ehtimoli qayd etilgan.

To‘qqizinchi band yakuniy bitim imzolangunga qadar status-kvoni saqlashni nazarda tutadi. Eron yadro dasturini kengaytirmaydi, AQSH esa yangi sanksiyalar joriy etmaydi va mintaqaga qo‘shimcha harbiy kuch yubormaydi.

O‘ninchi band Eronning neft eksportiga tegishli bo‘lib, AQSH Moliya vazirligi Eron nefti, neft mahsulotlari va ularga bog‘liq moliyaviy operatsiyalar uchun vaqtinchalik ruxsatnomalar beradi.

O‘n birinchi band muzlatib qo‘yilgan Eron aktivlarini ochishni ko‘zda tutadi. AQSH Eronning xorijdagi mablag‘lari va aktivlaridan foydalanish imkoniyatini bosqichma-bosqich tiklashga rozilik beradi. Bu mablag‘lardan foydalanish tartibi alohida muzokaralarda aniqlashtiriladi.

O‘n ikkinchi band memorandum bajarilishini nazorat qiluvchi maxsus mexanizm tashkil etishni nazarda tutadi. U kelajakdagi bitimga rioya etilishini ham kuzatib boradi.

O‘n uchinchi bandga ko‘ra, memorandumning dastlabki shartlarining bajarilishi boshlangach, tomonlar qolgan masalalar yuzasidan yakuniy kelishuv bo‘yicha muzokaralarni davom ettiradi.

Nihoyat, o‘n to‘rtinchi band, yakuniy bitimni BMT Xavfsizlik Kengashining majburiy rezolyutsiyasi bilan mustahkamlashni ko‘zda tutadi. Bu hujjatga xalqaro-huquqiy maqom berilib, uning bajarilishi uchun qo‘shimcha kafolat yaratadi.

Umuman olganda, 14 bandlik memorandum Eron va AQSH o‘rtasidagi o‘nlab yillik qarama-qarshilikni diplomatik yo‘l bilan yumshatishga qaratilgan eng keng qamrovli hujjatlardan biri bo‘ladi, agar u to‘laligicha amalda tatbiq etilsa.

 Bu yakun emas

Yakuniy tinchlik sulhi imzolanishiga qanchalik umid qilmaylik, bu umidlarni “puchga chiqaruvchi” bir qancha omillar mavjud. AQSH va Eron o‘rtasidagi dushmanchilik shu darajaga yetganki, bugun eronliklardan barcha tarixiy jarohatlarni unutib, hech narsa bo‘lmagandek AQSH bilan “osh-qatiq” bo‘lishini kutish, yumshoq qilib aytganda ahmoqgarchilik. Bundan tashqari mintaqada Isroil manfaatlari masalasi yotar ekan, Eron hech qachon mutlaq do‘st sifatida qabul qilinmaydi.

Isroilning Katta Isroil g‘oyasi mavjud ekan, Yaqin Sharqda tinchlik o‘rnatilishi qiyin. Tel-Aviv mintaqada o‘zidan qudratliroq kuch markazlari bo‘lishini xohlamasligi, asta-sekin hududiy kengayish istagi Eron bilann ziddiyatga kelishiga sabab bo‘laveradi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing