Eron Hormuz bo‘g‘ozini 7 shart bajarilmaguncha ochmaydi – G‘olibaf

Olam

−

image

Eron Hormuz bo‘g‘ozini AQSH bilan kelishilgan yetti shart bajarilmaguncha ochmaydi. Bu haqda Eron parlamenti spikeri va mamlakatning AQSH bilan muzokaralardagi bosh vakili Muhammad Boqir G‘olibaf kecha, 4 oktyabr kuni ma’lum qildi.

Uning aytishicha, Eron BMT Bosh Assambleyasi doirasida taklif ilgari surgan. Unga ko‘ra, yetti shart bajarilsa, Hormuz bo‘g‘ozi ochilishi va suv yo‘lida kemalarning normal qatnovi yetti kun ichida tiklanishi mumkin. AQSH esa o‘tgan hafta bu taklifga Qatar vositachiligida javob bergan.

“Eron Islom Respublikasining pozitsiyasi mutlaqo aniq va qat’iy. Hormuz bo‘g‘ozi Islomobod anglashuv memorandumi asosida belgilangan yetti shartimiz bajarilmaguncha ochilmaydi”, degan G‘olibaf.

U Vashington diplomatik jarayonni cho‘zish va bir tomonlama talablarni ilgari surish davri tugaganini tushunishi kerakligini aytgan.

Eron Tashqi ishlar vazirligi vakili Ismoil Baqoiy ham Tehron AQSHning javobiga doir asosiy pozitsiyasini vositachilar orqali Vashingtonga yetkazganini bildirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, ayrim masalalar bo‘yicha AQSHga qo‘shimcha ma’lumot berilishi kerak.

“Amerikaliklarning takliflari, umuman olganda, avvalgi pozitsiyalariga, xususan, yadroviy masalaga oid qarashlariga mos keladi. Biz ularga bu bosqichdagi asosiy e’tiborimiz Hormuz bo‘g‘ozi masalasiga qaratilganini va ushbu suv yo‘lida xavfsizlikni tiklash uchun AQSH tomonidan aniq qadamlar tashlanishi kerakligini aytdik”, degan Bag‘oiy.

Ma’lumot uchun, Hormuz bo‘g‘ozi – Eron va Ummon o‘rtasida joylashgan strategik dengiz yo‘li bo‘lib, Fors ko‘rfazini Ummon ko‘rfazi va Arab dengizi bilan bog‘laydi. U orqali dunyo bozoriga katta miqdorda neft va suyultirilgan tabiiy gaz yetkazib beriladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Donald Tramp ma’muriyatining yuqori lavozimli vakillari Kemp-Deviddagi Prezident qarorgohida Eron va Yamandagi husiylarga qarshi keyingi qadamlarni muhokama qilish uchun maxfiy yig‘ilish o‘tkazgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing